Jamiyat | 20:50 / 22.02.2020
21704
6 daqiqa o‘qiladi

Mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik sababi – bilimsizlik

Mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilmaslikning asosiy sababi bilimsizlik. Ish uchun zarur xavfsizlik vositalari bilan esa, xodimni ish beruvchi ta'minlashi kerak. 

So‘nggi vaqtlarda ish joylarida turli xil baxsiz hodisalar oqibatida ishchi-xizmatchilarning nogiron bo‘lib qolishi, yoxud ularning hayot bilan vidolashish holatlari kuzatilmoqda. Shu bilan korxona va tashkilotlarda mehnat xavfsizligiga rioya qilish, bu borada to‘g‘ri targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kun tartibiga chiqmoqda. Kun.uz muxbiri Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mehnat muhofazasi davlat inspektori Nozima Sulaymonovaga ushbu sohaga doir savollar bilan murojaat qildi. 

-        Korxonalarga yoki biror ishlab chiqarish sub'yektlariga borganimizda mehnat xavfsizligining oddiy qoidalariga ham rioya qilinmayotganiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Misol uchun, Janubiy Koreyada oddiy ishni bajarayotgan ishchi ham qo‘lida qo‘lqop bilan ishlaydi. Bizda mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish bilan bog‘liq holat qanaqa, bugungi kunda, vazirlikning xulosasi?

-        Endi davlat nazoratini amalga oshirganimizda ko‘plab tashkilotlarga boramiz. Shundaylari bor, ko‘rganda bahri-diling ochiladi, xavfsizlik texnikalariga rioya qilishadi, lekin shunday tashkilotlar ham borki, ish beruvchi tomonidan beparvolik qilinadi. 

Na tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi, na himoya vositalari olib beradi. Bu borada bizlar, tekshirishdan avval, profilaktika, ya'ni tushuntirish ishlarini amalga oshirib kelmoqdamiz. Ish beruvchilardan iltimosimiz bor ediki, mehnatni muhofaza qilish madaniyatini o‘zlariga joriy qilishsa, kuchaytirishsa. Shundagina, ish joylarida ro‘y beradigan har xil baxsiz hodisalarning kelib chiqishi bartaraf etiladi. 

Nozima Sulaymonova

-        Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbekistonlik ishchi-xizmatchilar o‘z xavfsizliklariga unchalik ham e'tibor bermasligining sababi nimada? Shunday holatlar ham kuzatiladiki, rahbar barcha sharoitni qilib qo‘ygan, kerakli jihozlarni olib bergan, ammo ishchi ko‘ziga ko‘zoynakni taqmaydi, qo‘liga qo‘lqopni kiymaydi. 

-        To‘g‘ri, xodimlarda ham ayb ko‘p. Biz hozir mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimlarga tegishli huquq va majburiyatlarni ishlab chiqdik. Xodimlar o‘z sog‘lig‘ini o‘zlari saqlamasa, qayg‘urmasa, chetdagi odam buni unga uqtirolmaydi ham. Xodimlar orasida bee'tiborlik juda ham ko‘p. Buning sababi, bilimsizlik. Talabni bajarmaydi. Xavfsizlik bo‘yicha darslarda ishtirok etmaydi. Tibbiy ko‘rikka borganida, ma'lumotnomani boshqa yo‘llar bilan olib kelish holati bo‘lishi mumkin. 

-        Xodim mehnat xavfsizligiga qat'iy rioya qilishi uchun nima qilishi kerak?

-        Qonunga itoatkor bo‘lishi, qonun-qoidalarni yaxshi bilishi kerak. O‘z sog‘lig‘iga e'tibori kuchli bo‘lishi lozim. Ish beruvchi tomonidan shakllantirilgan talablarga rioya qilsa, himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishni bilsa, ulardan foydalanish istagi bo‘lsa, xodimlar avvalo o‘z xavfsizliklarini ta'minlagan bo‘lishadi.

-        Xavfsizlik vositalari bilan kim ta'minlashi kerak? Ish beruvchimi yoki xodimning o‘zi?

-        Barcha xavfsizlik himoya vositalarini ish beruvchi o‘zining hisobidan xodimlarga bepul ta'minlab beradi.

 -        Mana kasb kasalliklari borligini bilamiz. Ertadan kechgacha o‘tirib ishlaydiganlar bor. Umuman, kasb kasalliklari nima va ularga qanday kurashish kerak bo‘ladi, shular haqida tushuncha bering.

-        Bilasizmi, har bir ish joyida zararli va xavfli omillar mavjud. Xavfli omillar darajasi yuqori bo‘lsa, ishchi, albatta, shikastlanishi mumkin. Ya'ni baxsiz hodisa sodir bo‘ladi. Zararli omillar ta'sirida odamlar muayyan bir kasallikka chalinishi mumkin. Bunda, ish beruvchi shu omillarni bartaraf etish yoki ularning inson salomatligiga salbiy ta'sirini kamaytirish ustida ishlashi talab etiladi. Misol uchun, zararli omillar miqdori ko‘p bo‘lsa, ish haqi saqlanib qolgan holda, ish vaqti kamaytiriladi. Alohida bir tashkilotlar xodimlarini davolash-profilaktika choralarini qo‘llaydi.

-        Endi mehnat xavfsizligi talablarini xizmatchilarning bajarishi bilan bog‘liq savolga qaytsak. Ish beruvchi mazkur qoidalar yoki talablarni ishchi tomonidan bajarilishi ta'minlash uchun qanday ta'sir choralarini ko‘ra oladi?

-        Yaxshi savol berdingiz. Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zR qonunining 22-23-moddalarida ish beruvchi va ishchilarning mehnat muhofazasidagi huquq va majburiyatlari belgilangan. Unga ko‘ra,

 •        ishchi xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan bo‘lsa;

•        mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qimagan yoxud malakasini oshirmagan bo‘lsa, ish beruvchi ushbu xodimni ish joyiga qo‘yishi mumkin emas, taqiqlanadi. 

Ammo, ish beruvchi barchasini tashkillashtirib qo‘ydi, lekin xodim beparvo bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtira oladi, muntazam davom etsa, intizomiy chora qo‘llashi, ya'ni hayfsan e'lon qilishi, maoshidan 50 foizgacha miqdorda ushlab qolishi mumkin. Shunda ham xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasa, Mehnat kodeksiga binoan shartnomani bir tomonlama bekor qila oladi.

Mavzuga oid