12:35 / 22.02.2020
1
29359

Sanders Putinga AQShdagi saylovlardan «uzoqroq turishni» maslahat berdi

WP manbalari ma'lumotiga ko‘ra, Moskva 2020 yilgi prezident saylovlariga aralashishga va uning g‘alaba qozonishiga yordam berishga harakat qilmoqda. Yordam aynan nimadan iborat ekaniga aniqlik kiritilmagan. Senatorning o‘zi Rossiya kimni prezident sifatida ko‘rishni istayotgani unga ahamiyatsiz ekanini ma'lum qildi

Berni Sanders va Vladimir Putin / Foto: AFP/Getty Images

Demokratik partiyadan saylovlarda ishtirok etish niyatida bo‘lgan vermontlik senator Berni Sanders The Washington Post’ning Rossiya prezidentlik kampaniyasiga aralashishga va unga yordam berishga harakat qilayotgani to‘g‘risidagi maqolasiga izoh berdi.

«Rostini aytsam, Putin kimni prezident sifatida ko‘rishni istayotgani menga ahamiyatsiz, - deya ma'lum qildi u gazetaga. - Mening Putinga murojaatim: Amerikadagi saylovlardan uzoqroq turing va men prezident sifatida bu haqda tegishli choralar ko‘raman».

Sandersning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2016 yilda internetdagi targ‘ibot yordamida AQShda «parchalanish keltirib chiqarishga» urindi hamda hozir ham xuddi shu narsa sodir bo‘lmoqda.

Nashrning vaziyatdan xabardor manbalarga tayangan holda yozishicha, senator Rossiyaning Sandersga yordam berish harakatlari haqida amerikalik amaldorlardan bilib qolgan. Bu haqda amaldagi davlat rahbari Donald Tramp va AQSh qonunchilariga ham ma'lumot berilgan. «Rossiyaning yordami» aynan nimani anglatishi noma'lum, deya yozadi gazeta.

Reuters xabariga ko‘ra, kongressdagi manba razvedka xodimlari AQSh rasmiylarini Sanders va Tramp kampaniyalarini kuchaytirishga qaratilgan Rossiyaning ehtimoliy harakatlari haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, suhbatdoshning ogohlantirishicha, bu dastlabki xulosadir.

Facebook’ning agentlikka ma'lum qilishicha, Sandersning kampaniyasiga «Rossiya yordami» haqida biron bir dalilni ko‘rishmagan. Keyinchalik kompaniya o‘z izohini o‘zgartirib, Moskva senatorni qo‘llab-quvvatlayotganiga oid dalillarga ega ekani yoki ular yo‘qligi haqidagi masalaga aniqlik kiritishni istamadi, deya xabar berdi Reuters.

WP’ning ta'kidlashicha, 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlar ilgari surish bo‘yicha da'vogarlar debati davomida Sanders kiberjinoyatchilar demokratlar o‘rtasida kelishmovchilik keltirib chiqarish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga urinayotgani haqida ma'lum qildi. «Barchamiz 2016 yilni yaxshi eslaymiz... va ruslar hamda boshqalar saylovlarga aralashishga va bizni bo‘lib tashlashga harakat qilgani yodimizda», - dedi u o‘shanda.

Rossiya bo‘lajak saylovlarga aralasha boshlaganligi haqida avvalroq The New York Times yozgandi. Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh razvedka xizmatlari vakillar palatasini Moskva Trampning qayta saylanishiga erishish niyatida ekani haqida ogohlantirgan. Razvedka idoralari fikricha, Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri yolg‘on xabar tarqatish kampaniyasini olib bormayapti, ammo «amerikaliklarning o‘zini ularni tarqatishga majburlamoqda». Bu aynan qanday sodir bo‘layotganiga aniqlik kiritilmagan.

Kreml NYT maqolasini haqiqatga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lgan «paranoid xabarlar» deb atadi. Trampning o‘zi yordam berish bo‘yicha ayblov - bu demokratlarning saylovchilarni chalg‘itishga urinishi ekani haqida ma'lum qildi.

Rossiyaning 2016 yilgi Amerika saylovlariga ehtimoliy aralashuvi bo‘yicha surishtiruv AQShda uch yil davomida o‘tkazildi. O‘tgan yili AQSh Adliya vazirligi maxsus prokuror Robert Myullerning hisobotini e'lon qildi, unda Trampning saylovoldi shtabi Moskva bilan til biriktirmagani, ammo Rossiya baribir saylovlarga aralashishga uringani aytilgan. Rossiya hukumati har ikki bayonotni ham rad etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top