19:26 / 23.02.2020
0
31643
Koronavirus Yevropaga tarqalmoqda, Italiya shaharlari karantinda. So‘nggi ma'lumotlar

Yevropada koronavirusning eng jiddiy avj olish holati kuzatilayotgan Italiya davlati infeksiya tarqalishining oldini olish uchun favqulodda choralarni joriy etdi: mamlakatda kasallanganlar soni allaqachon 100dan oshgan.

Paduya yaqinidagi Skyavoni shifoxonasi oldida navbatchilik qilayotgan politsiyachilar / EPA

Lombardiyaning shimoliy mintaqasida bu virusga 89 nafar kishi yo‘liqqan, bu haqida yakshanba kuni provinsiya gubernatori Attilio Fontana xabar qildi. Shunday qilib, hozirgi kunga qadar Italiya bo‘ylab yuzdan ortiq zararlanish holati to‘liq tasdiqlangan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 132 kishi virus yuqtirgan va ularning 26 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Italiyaning ikki fuqarosi shanba kuni bu xastalikdan vafot etganidan so‘ng mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konte yangi chora-tadbirlar ko‘rilishini e'lon qildi.

Koronavirus keltirib chiqargan kasallikdan  vafot etgan ikki italiyalikdan biri bo‘lgan 78 yoshli erkak Veneto shahrida yashardi va uning tashxisi aniq bo‘lgan. Ikkinchi holat Lombardiyada 77 yoshli ayol bilan ro‘y bergan, ammo uning virus yuqtirib olgani murdani yorib ko‘rishdan so‘ng ayon bo‘lgan.

Ushbu ikki shimoliy viloyatning bir necha o‘nlab shaharlari hozirda karantinda. 50 mingga yaqin mahalliy aholi vakillari rasmiylardan uyda o‘tirish haqida farmoyish olgan.

Milanda odamlar ko‘chaga tibbiy niqoblarda chiqa boshladi / EPA

Bosh vazirning tushuntirishicha, endi maxsus ruxsatsiz yangi virus aniqlangan hududga kirish yoki undan chiqish taqiqlangan. Ushbu hududda barcha maktab mashg‘ulotlari hamda sport tadbirlari, shu jumladan yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan futbol bo‘yicha Italiya chempionati o‘yinlari bekor qilindi. 

Koronavirus Milandagi «La Skala» teatridagi barcha spektakllar bekor qilinishiga ham sabab bo‘ldi. «Brera» muzeyi ham noma'lum muddatga yopilgan.

Venetsiyada esa har yilgi Venetsiya karnavali bekor qilindi. Faqat yakshanba kunga mo‘ljallangan marosimlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mart oyiga qadar shahardagi boshqa tadbirlar ham bekor qilingan.

Karantin choralariga rioya qilinishini nazorat qilish uchun politsiya mas'ul qilingan, zarur hollarda armiya yordamga chaqirilishi mumkin. 

Juzeppe Konte koronavirus masalasida yig‘ilish o‘tkazmoqda / EPA

Italiya rasmiylari ushbu virus allaqachon yopilgan Lombardiya va Veneto o‘choqlaridan chiqib ketgan bo‘lishi ehtimolidan xavotirda, agar shunday bo‘lsa uning tarqalishiga qarshi kurashish og‘irlashadi. 

«Bu virusning yuqish darajasi juda yuqori,  u juda kuchli», — ta'kidlaydi Lombardiya sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Julio Gallera. 

Ushbu kasallikning Italiyada qanday paydo bo‘lgani hozircha noma'lum — jiddiy yoyilish qayd etilgan Osiyo mamlakatlaridan kelgan odamlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilingani o‘z tasdig‘ini topmagan. 

Koronavirus Milan moda haftaligida
Virus tarqalishi Milan moda haftaligiga ta'sir ko‘rsatdi: yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 16.00ga rejalashtirilgan Jorjio Armani kolleksiyasining namoyishi bo‘sh zalda bo‘lib o‘tadi, chunki mehmonlardan kelmaslik so‘ralgan. 

Armanining Milan modalar haftaligi «onlayn» rejimga o‘tkazilgan / Reuters

Podiumdagi modellar harakati Armani brendi saytlarida, Facebook va Instagram'da jonli ravishda namoyish etiladi. 

«Bu qaror aynan [Armani] mehmonlarining xavfsizligini inobatga olgan holda qabul qilindi, ular o‘ta gavjum joylarda borishga majbur bo‘lmasligi kerak», — deyiladi press-relizda.

Xitoydagi vaziyat
Yangi koronavirus tarqalishi o‘tgan yilning oxirida Xitoyning Xubey provinsiyasida boshlandi va hozirda ushbu virus 28 mamlakatda tarqaldi. Xitoy tashqarisida kasallanishning 1400ta holati va 11ta o‘lim qayd etildi. 

Bu orada Xitoy hukumati shanba kuni o‘limlar sonining kamaygani va virus tarqalishi pasaygani haqida xabar berdi. XXRda virus yuqishi holatlari allaqachon 77 mingga yaqinlashdi, 2442 kishi vafot etgan.

Ammo, boshqa mamlakatlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘payishda davom etmoqda — buning xitoylik virus tashuvchilari bilan aloqasi ko‘rinmayotgani sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashvishga tushmoqda.

JSST rahbari Tedros Gebreyyesus ta'kidlaganidek, bugungi kunda eng katta tashvishni sog‘liqni saqlash tizimlari yaxshi rivojlanmagan mamlakatlar, ayniqsa Afrika mamlakatlari tug‘dirmoqda.

Janubiy Koreyadagi virus o‘chog‘i
Janubiy Koreya virus tarqalishi bo‘yicha Xitoydan va 600dan ortiq odam kasallangan «Daymond Prinsess» kruiz kemasidan keyingi eng keng tarqalish o‘chog‘iga aylandi. 

Tegudagi Covid-19 yuqtirganlar olib kelinadigan shifoxona xodimi / AFP

Yakshanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyaning to‘rtinchi yirik shahri Teguda shahrida koronavirusning 90ta yangi holati qayd etilgan va Tegu bo‘yicha umumiy hisobda 247 nafar kishi infeksiyalangan. 

Janubiy Koreyada koronavirusdan to‘rtinchi o‘lim qayd etildi va bu mamlakatdagi jami bemorlar soni 556 kishiga yetdi — bu bir kun avvalgiga qaraganda 100taga ko‘p. 
Ularning yarmidan ko‘pi qarorgohi Teguda joylashgan «Sinchondji guvohlik ibodatxonasi» yashirin diniy sektasi yoki kasallanganlar kelgan shifoxona bilan bog‘liq.

Koronavirus tarqalishi o‘tmishdagi shu kabi epidemiyalar bilan taqqoslaganda

Boshqa mamlakatlarda ahvol qanday: 

  • Shanba kuni «Daymond Prinsess» kruiz kemasida bo‘lgan sakkiz nafar rossiyalik o‘z vatanlariga qaytib kelishdi, ularning uch nafarida infeksiya aniqlangan. Evakuatsiya qilinganlarning barchasi, shuningdek evakuatsiya bilan shug‘ullangan xodimlar 14 kun davomida Qozon shahridagi ixtisoslashtirilgan muassasada  karantinda bo‘lishadi. 
  • «Daymond Prinsess» kruiz kemasi bortida bo‘lgan 32 nafar britaniyalik va Yevropaning boshqa davlatlari fuqarolari Angliyaning shimoli-g‘arbida karantinda saqlanmoqda. 
  • Isroil Janubiy Koreyadan uchib kelgan samolyot bortidagi 200 nafar chet el fuqarosining samolyotdan tushishiga ruxsat bermadi va samolyotni Seulga qaytardi. Ushbu bortda bo‘lgan Isroilning 12 nafar fuqarosi karantinga olingan. 
  • Yakshanba kuni Eron o‘zining 14 viloyatida maktablar, universitetlar va madaniy markazlar yopilishini e'lon qildi, yangilangan ma'lumotlarga ko‘ra, u yerda koronavirusdan sakkizinchi o‘lim qayd etildi va virusdan zararlanganlarning jami soni 43 kishiga yetdi.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top