15:05 / 23.02.2020
0
15262
«Korean and migration xususiy bandlik agentligi» ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi

Koreyaga ishga jo‘natishni va'da qilib, odamlarni aldagan «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdorlarining 6 nafari qamoqqa olingan, yana bir kishi qidiruvga berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati tomonidan joriy yilning 22 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Interpol byurosi anjumanlar zalida «Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom etayotgan jinoyat ishi» bo‘yicha brifing tashkil etildi. Unda vazirlik huzuridagi Tergov departamenti rahbariyati va mas'ul xodimlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etdi.

Tergovda aniqlanishicha, Qahramon Rahimovich Otaqulov, Odil Isroilovich Kabilov, Xushvaqt O‘roqovich Turdiyev, Musulmon Ergashevich Aliqulov, O‘rol Abdurashidovich Xalmonov, Koreya Respublikasi fuqarosi Kang Namkyu va boshqalar jinoiy til biriktirishib, «Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi» MChJni tashkil etishib, 2019 yil 4 yanvar kuni fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanishga litsenziya olib, jamiyatga murojaat qilgan fuqarolarni 3 oy ichida Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborishni va'da qilishib, ular bilan soxta shartnoma tuzib, to‘lov kvitansiyalarni soxtalashtirib tayyorlab, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pullarini ATB «Turonbank» Chilonzor filialidagi hisob raqamiga to‘lov qildirib hamda o‘zlariga naqd ko‘rinishda qabul qilib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Jabrlangan fuqarolar 2 385 nafar bo‘lib, ularga yetkazilgan jami zarar 24,8 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning 7,6 mlrd so‘mi naqd pul ko‘rinishida undirilib, 3,7 mlrd so‘mi mol-mulklarni aniqlash va xatlash choralari ko‘rilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan avval jabrlanuvchilarga qaytarilgan mablag‘ 2,86 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ish bo‘yicha ayblanuvchilar Q.Otaqulov, O.Qobilov, X.Turdiyev, M.Aliqulov, A.Shamsiddinov, O.Jo‘rayev va Kang Namkyu qamoqda saqlanmoqda. Ish bo‘yicha yana bir ayblanuvchi U.Xalmonov tergovdan yashiringani bois, unga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash masalasi sud hukmi e'lon qilingandan so‘ng hal etilishi ma'lum qilingan.

  • 2019 yil oktabr oyida Kun.uz saytida «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» minglab fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilib, ularning millionlab pullarini o‘zlashtirgani haqida xabar berilgan edi.
  • Ko‘p o‘tmay Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Korean and migrations xususiy bandlik agentligi» MChJ litsenziyasi to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi, shuningdek, agentlik rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangandi.
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top