14:29 / 23.02.2020
2
63467
Koronavirus Xitoy bo‘ylab qanday tarqalgani ma'lum bo‘ldi. Uning paydo bo‘lish joyi Uxandagi bozor bo‘lmagan

Xitoylik olimlarning aniqlashicha, yangi turdagi koronavirusning tarqalishiga Uxandagi yovvoyi hayvonlar sotiluvchi Xuanan bozoridagi yomon ahvoldagi sanitar sharoitlar sabab bo‘lgan. Biroq bozorning o‘zi, avval taxmin qilingandek, virusning paydo bo‘lish joyi bo‘lmagan.

Foto: REUTERS / Stringer

Xitoy Fanlar akademiyasi tropik botanika bog‘i olimlari virusning odamdan odamga yuqishi 2019 yilning noyabrida yoki dekabri boshida boshlangan, degan xulosaga kelishdi. So‘ngra virus Uxandagi dengiz jonzotlari bozoriga tushgan va u yerdan butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan. Bu haqda Caixin nashri xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, mutaxassislar koronavirusning GISAID EpiFlu ma'lumotlar bazasidagi va 4 ta qit'adagi 12 ta davlatdan yig‘ilgan 93 ta namunasining genom ma'lumotlarini hamda virus tarqalish manbalari va uning tarqalishi yo‘llarini tahlil qilib chiqishgan.

Tadqiqot davomida olimlar koronavirus Xuanan bozoriga boshqa yerdan tushgani va tez orada bozorda, so‘ngra uning tashqarisida tarqalganini aniqlashgan. 
 
Olimlar ma'lumotlariga ko‘ra, qandaydir bir “boshlang‘ich bemor” bozorda kimnidir zararlagan. Yomon sanitar sharoitlar hukm surgan gavjum bozor esa virusning odamlar orasida tarqalishi uchun qulay muhit bo‘lgan.
 
Mutaxassislar, shuningdek, virus kamida uch yo‘nalishda tarqalganini aniqlashgan. Uxandagi bozorga aloqasi bo‘lgan barcha bemorlarda virusning H1 gaplotipi va uning hosilalari H2 va H8-H12 aniqlangan. Bozorga hech qanday aloqasi bo‘lmagan uxanlik boshqa bemorlarda esa H3 gaplotipi aniqlangan.

Tadqiqotda ko‘rsatilishicha, virusning odamdan odamga yuqishi 2019 yil noyabri oxiri yoki dekabri boshida boshlanib, so‘ngra bozorga tushgach tezlashib ketgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Xitoyning 9 provinsiyasi va 11 ta mamlakatdagi virusga chalinish holatlari bevosita Uxan bilan bog‘langani aniqlangan. Bundan tashqari, Guandun provinsiyasida virusning uchta o‘chog‘i, Chunsin va Tayvanda 2 tadan o‘chog‘i aniqlangan.

Shu bilan birga, AQSh, Avstraliya, Fransiya va Yaponiyadagi bemorlar virusning kamida ikkita o‘chog‘idan kasallanishgan. 

Tadqiqotda umumiy bazada yuqorida ko‘rsatilgan davlatlardan boshqa davlatlardagi bemorlardan olingan namunalar kamligi va bu bemorlardan ko‘pchiligi virusni yuqtirishning bir xil o‘chog‘iga egaligi ta'kidlab o‘tilgan: ular virusni yo Uxanda, yoki Uxanda bo‘lgan odamlardan, yoxud Guandun, Singapur yoki boshqa joyda yuqtirib olishgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top