12:20 / 23.02.2020
0
26030
Toshkentda italiyalik sayyoh jonsiz holda topildi

Toshkentning Mirobod tumanida ijaraga olingan xonadonda Italiya fuqarosi 27 yoshli Geno Jorjo (Gheno Giorgio) jonsiz holda topildi. 

Foto: starnow.com.au

Ta'kidlanishicha, yigitning jasadi topilgani haqida 16 fevral kuni soat 23.00da Mirobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga italiyalik vaqtinchalik propiska asosida istiqomat qilgan xonadon egasi xabar qilgan. 

Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida kirish eshigi buzilmaganligi, xonalarda buyumlar o‘z joylarida turganligi, marhum zo‘ravonlik bilan o‘ldirilganligining izlari topilmagan. 

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda ushbu holat bo‘yicha Mirobod tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Toshkent shahar IIBB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, Geno Jorjo sayyoh sifatida Toshkentga joriy yilning 9 fevralida kelgan va 10 fevralda onlayn-xizmatlar orqali Italiya elchixonasi vakili ko‘magida Mirobod tumanida 30 kunga ijaraga olgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tgan.

Sayyoh 10 fevral kunidan aloqaga chiqmagach, uning qarindoshlari elchixonaga murojaat qilganlar. Elchixona vakillari 16 fevralda Geno Jorjo istiqomat qilgan xonadonga kelganlarida eshik qo‘ng‘irog‘iga hech kim javob bermaganidan so‘ng, ular xonadon egasi B.F.ni chaqirganlar. Ular birgalikda xonadonga kirishganda jasadga duch kelishgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining ma'lumotnomasiga ko‘ra, italiyalik jasadi topilganidan bir necha kun ilgari hayotdan ko‘z yumgan. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertiza tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, Geno Jorjo Toshkent shahriga joriy yilning 9 fevral kuni Malayziyadan uchib kelgan.

So‘rov davomida xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 10 fevral kuni yigit unga mazasi bo‘lmayotganligini aytgan, ammo shundan so‘ng u aloqaga chiqmagan.

Qo‘shnilarning aytishlaricha, ular B.F.ning xonadonida kimdir yashashini bilishmagan, chunki na shovqinni va na kimdir kirib-chiqqanini ko‘rmaganlar.

Italiya fuqarosining o‘limi fakti bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Geno Jorjo bodibilding bilan shug‘ullangan va uzoq vaqt davomida Italiya ortida yashagan. U Toshkentga kelishdan avval Avstraliyada model bo‘lib ishlagan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top