12:00 / 23.02.2020
2
37983
Yunusobod metrosi qurilishida halok bo‘lgan yigitlar: yaqinlari ularning ushalmay qolgan orzulari haqida

O‘lim haq. U eshik qoqmasdan keladi… Ammo kutilmagan tasodif yoki baxsiz voqea natijasida hayot bo‘sag‘asiga endi qadam qo‘ygan, yosh, norg‘ul yigitlar boqiy dunyoga ketsa… Alam qiladi.

Alamki, uning cho‘g‘ini hattoki o‘tayotgan vaqt ham so‘ndirishga ojiz. Taqdirning shum o‘yinlariga ko‘nikishdan o‘zga iloj yo‘qligini bora-bora anglaysan…

2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni qurilishida ro‘y bergan baxsiz hodisa va u yerda halok bo‘lgan yosh yigitlar haqidagi xabar qalblarni larzaga soldi.

Kun.uz ijodiy jamoasi Qashqadaryo va Samarqand viloyatida yashagan marhumlarning xonadonlarida bo‘ldi. Yigitlarning yaqinlari, onalari bilan suhbatlashdik… Ushalmagan orzulari, armonlarini tingladik.

Qashqadaryo viloyatidan bu mudhish hodisa oqibatida 4 nafar yigit dunyodan ko‘z yumdi. Ularning uch nafari Shahrisabz tumanining Beshkapa qishlog‘ida istiqomat qilgan. Taqdirni qarang — Yakkabog‘da yashagan to‘rtinchi yigitning ham qishlog‘i nomi Beshkapa ekan.

Hech kim bolam demasin ekan. Alpdek o‘g‘lonlaridan ayrilgan mushtipar onalarning hasratini tinglashdek og‘ir narsa bo‘lmasa kerak…

Dastlab marhum Jonibek Ravshanov xonadonida bo‘ldik. Onasi Risolat Bobomurodova va yaqinlari hamsuhbat bo‘lishdi. Ota bechora og‘ir betob, to‘shakka mixlanib qolgan…

«Beorzu odam emas edi. Hammani o‘ziga do‘st bilib, katta-kichikka birdek edi.  Orzulari bir olam edi», — deydi marhumning onasi Risolat Bobomurodova.

Shu qishloqlik Oybek va Davronbek Abdullayevlar qarindosh ekan. Bir ko‘chada yashashgan ekan.

Oiladagi yakkayu yagona o‘g‘il Oybek Abdullayevning onasi Halovat Shukurovaning eslashicha, o‘g‘li bir oy ishlab kelib, uyda 18 kun davolanib, dam olib 20 oktabr kuni yana Toshkentga ishga ketgan.

— Yakkayu yolg‘iz o‘g‘lim, ikki qizdan keyin ko‘rganman. Shunday esli, aqlli edi bolam… Bitta bo‘lsa ham o‘nta o‘g‘ilga tatiydigan bola edi… og‘ajon, — deb kuyunadi Halovat aya.

Oybek Abdullayevning turmush o‘rtog‘i Gulshan Namozova shunday eslaydi:

«Sakkiz yil turmush qurgan bo‘lsak telefon tutmadim. «Dadasi, sizning ishingiz xavfli, men hadeb qo‘ng‘iroq qilaversam ishingizdan chalg‘itib qo‘yaman», derdim. Lekin u vaqtda metroda ishlamas edi… Orzulari juda ko‘p edi, juda ko‘p edi…»

Davronbek oilada kenja o‘g‘il edi. Onasi Sabohat Jamolova hamon o‘ziga kelgani yo‘q.

— Avgustda otasi olamdan o‘tdi. Davronbek Rossiyada ishlab yurardi. Otasini ko‘p so‘radi. Kelgandan keyin ham mozor boshiga chiqib ketaverar edi. «Borma, bolam» desam ham «Onajon, ayvonning terassasini sozlaymiz, ikki million pul ishlab kelaman, dadam menga ishonib ketdi, men endi dadamning ishini davom ettirishim kerak», deb ketdi, tuproqlarning ostiga ikki marta ko‘milgan bolam... Yangi yilga bozorlik qilib kelaman, deb o‘zini bozorlik qilib o‘rab keldi… Dadasining oldiga borib yotib olgan bolam…

Shahrisabz tumani Beshkapa qishlog‘i qaraydigan «Nurafshon» MFY raisi Sulton To‘xtamishev qishloq yigitlarini yaxshi gaplar bilan esladi.

— Mahallaning zabardast, faol yigitlari edi. To‘y bormi, ma'raka bormi, hashar bormi, baholi qudrat beminnat xizmat qiladigan yigitlar edi, — deydi S.To‘xtamishev.

Tunda Yakkabog‘dagi Beshkapa qishlog‘iga — Anvar Diyorovning ota uyini topib, kirib bordik. Uning beva qolgan turmush o‘rtog‘i va farzandlari ham shu yerda ekan…

Marhumning volidai muhtaramasi Komila Pardayevaning gapirishi juda qiyin bo‘ldi. Ona nihoyat o‘zini qo‘lga olib, xotiralari bilan o‘rtoqlashdi…

— Bosh farzandim edi. Yoshligidan mehnatkash, serg‘ayrat… Yuragimni jonini sug‘urib ketdi. Uchtagina farzandi bor edi. Endi ular otasini qo‘msayapti… Bolalari g‘o‘ragina edi… Yangi imorat qilib ko‘chib chiqqan edi. Hali uylari bir ahvolda. Orzulari olam bolam…

Anvar Diyorovning rafiqasi Lobar Rahmonova ham farzandlarining otasini xotirladi.

Qashqadaryo safaridan so‘ng samarqandlik marhum quruvchilar xonadonida ham bo‘ldik. Samarqand tumanida istiqomat qilgan Ixtiyor Rahmatov va Past Darg‘om tumanida yashagan Zarif Karimovning yaqinlari bilan suhbatlashdik.

Ixtiyor Rahmatovning yaqinlari marhumni xushchaqchaq va mehnatkash yigit bo‘lganini ta'kidlab o‘tishdi.

Halok bo‘lganlar ichida yagona temiryo‘lchi — Zarif Karimovning taqdirida ham xuddi otasi singari 38 yoshida olamdan o‘tish yozilgan ekan....

Onasi Yaxshigul Haydarovaning so‘zlab berishicha, Zarifning otasi ham 38 yoshida avtohalokatda nobud bo‘lgan ekan. O‘g‘lining peshonasiga ham shu taqdir yozilgan ekan.

— 10-sinfni bitirgandan otasi o‘g‘limni temiryo‘lga o‘qishga kiritdi. Bitirib, 2001 yildan buyon shu sohada ishlab kelayotgan edi. Yaqinda Toshkentga xizmat safariga ketgan edi, — deydi onaizor.

— O‘g‘illi bo‘lgach juda suyundi, ismini Davlatbek qo‘ydi, «Xudo menga davlat berdi, to‘y qilaman endi», derdi. Bolamning orzulari ro‘yobga chiqmadi. Endi ota-bobolari ko‘rmagan kunlarni bolalari ko‘rsin, mayli…

Olis qishloqlarda yoshlar o‘rtasida ishsizlik hamon yuqori. Ro‘zg‘or tebratish uchun yosh oila boshliqlari ish izlab poytaxtga, olis yurtlarga yo‘l olishgan.

Hukumat komissiyasi jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatgan.

Maxsus tekshirish komissiyasi qurbonlarning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida oilalarning har biriga bir yo‘la to‘lanadigan bir martalik nafaqa pullari belgiladi.

Marhumlarning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga oyma-oy to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari hisob-kitob qilinib, amalga oshirish uchun ish beruvchilarga taqdim etildi», – deyiladi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bildirishida.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati marhum Zarif Karimovga oilaning asosiy boquvchisi bo‘lgani sababli 281 mln 671 ming so‘mlik bir martalik nafaqa belgilab, uning turmush o‘rtog‘iga o‘tkazib bergan. Marhumning qaramog‘ida bo‘lgan besh nafar oila a'zosining har biriga 650 ming so‘m miqdorida nafaqa har oy to‘lab borilishi boshlangan.

Maxsus komissiya qarori bilan yana 5 nafar halok bo‘lganlar oilalariga ham bir martalik nafaqa pullari, shuningdek, mehnatga layoqatli bo‘lmagan oila a'zolari uchun oylik kompensatsiya to‘lovlari belgilangan. Ularga to‘lovlarni mehnat shartnomasini tuzgan firma amalga oshiradi.

Ha, hech qanday pul inson o‘rnini bosa olmaydi. Lekin nachora. Baxsiz hodisa qurbonlari kishilar yodida qolish uchun qurilayotgan o‘sha metro bekatiga «Quruvchilar» nomi berilib, ularning xotirasi abadiylashtirilishi haqida takliflar ham bildirildi.

Yurtimizda juda ko‘p jabhalarda qurilish ishlari shiddat bilan ketmoqda. Bunday ko‘rgulik qaytarilmasligi uchun mutasaddilar barcha zarur choralarni ko‘rishlari kerak. Toki onalar faryodi ko‘kka o‘rlamasin…

Shuhrat ShOKIRJONOV tayyorladi.
Tasvirchi va montajchi: Faxriddin HOTAMOV.

Mavzu
Yunusoboddagi fojia
18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi ro‘y berib, 6 nafar ishchini tuproq bosib qoldi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top