18:48 / 24.02.2020
0
6167
Alisher Shodmonov: «Vazirlikda turkiyalik maslahatchi faoliyat boshlaydi»

Turkiyalik mutaxassis O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi lavozimiga tayinlanadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi doirasida kelishuvga erishilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning ma'lum qilishicha, u tibbiyot tizimini isloh qilish, moliyaviy menejment, tibbiy sug‘urta, tizimda davlat xususiy sheriklik, autsorsing va raqamlashtirishni joriy etish masalalarida faoliyat olib boradi.

«Bundan tashqari, tibbiyot fanini yanada rivojlantirish va kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikka ham alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlash joizki, o‘tgan yili Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiyaning nufuzli oliy o‘quv yurti bilan hamkorlikda xalqaro fakultet tashkil etilib, 131 nafar talaba o‘qishga qabul qilingan edi. Hozirda ham bunday qo‘shma ta'lim dargohlarini ko‘paytirish, hududlarda tibbiyot darajasini yanada oshirish va aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiy turizmni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Jumladan, kadrlar tayyorlash bo‘yicha Turkiyaning qator nufuzli ta'lim muassasalari, masalan, Salomatlik bilimlari universiteti, Medipol universiteti hamda yana bir yirik – «Bahchishehir» (BAU) oliy o‘quv yurtining mamlakatimizda filiallari va klinikalarini tashkil etish, ular bilan ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qancha kelishuvlarga erishildi.

Tibbiyot sohasida biz uchun yana bir muhim yo‘nalish – aholini arzon va sifatli dori-darmon bilan ta'minlashni yanada yaxshilash maqsadida Turkiyaning «Ko‘chak farm» va «Poli farm» kompaniyalari bilan shartnoma imzolandi. Kelgusida ushbu kompaniyalar bilan onkologik va gematologik kasalliklarda muhim bo‘lgan dorilarni yurtimizda ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top