22:11 / 24.02.2020
0
2274
Malayziyaning iste'foga chiqqan bosh vaziri vaqtincha o‘z lavozimida qoldi
Foto: Getty Images

Malayziya qiroli Abdulloh Riayatuddin Al-Mustafo iste'foga chiqishni so‘ragan bosh vazir Mahathir Muhammadning iltimosini qanoatlantirdi va shu bilan birga uni bosh vazir lavozimini bajaruvchi etib tayinladi.

Avvalroq Mahathir Muhammad iste'fo so‘rab qirolga murojaat qilgan

“Mahathir Muhammad bosh vazir lavozimida o‘z majburiyatlarini vaqtinchalik bajarishni davom ettiradi”, deyilgan xabarda. Malayziya konstitutsiyasiga ko‘ra, Mahathir yangi hukumat shakllangungacha 10 kun bu maqomda qolishi mumkin.  

94 yoshli bosh vazir, shuningdek, Malayziya o‘g‘lonlari birlashgan partiyasi yetakchisi lavozimini tark etgan. Ushbu partiya o‘z navbatida «Umidlar alyansi» hukmron koalitsiyasi tarkibidan chiqarilgan. Koalitsiya 2017 yilda tashkil etilgan va to‘rtta muxolif partiyani birlashtirgandi. O‘shanda 2018 yilgi saylovlarda g‘alabaga erishilsa, Mahathir faqat ikki yil bosh vazir bo‘lishi va keyin bu lavozimni blokdagi eng yirik partiya rahbari Anvar Ibrohim egallashi bo‘yicha kelishuv bo‘lgan.

Bu orada alyansga kiruvchi bir necha partiya yetakchilari Mahathir Muhammadni qo‘llab-quvvatlashgan. Mahalliy siyosatshunoslarning baholashicha, Muhammad bosh vazir lavozimini saqlab qolish, hukumatni qayta shakllantirish hamda yangi hukmron alyans tashkil etish uchun zarur bo‘lgan parlamentdagi ko‘pchilik tomondan qo‘llab-quvvatlanishi va'dasini olgan.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top