01:43 / 24.02.2020
0
16805
Tramp koronavirusga chalingan amerikaliklar uning roziligisiz uyga qaytarilganidan darg‘azab bo‘lgan - OAV
Foto: Shutterstock

AQSh davlat departamenti AQSh prezidenti Donald Trampni xabardor qilmasdan, Yaponiyada 2 hafta karantinda turgan Diamond Princess kruiz layneridan sog‘lom amerikaliklar bilan birga koronavirusga chalingan fuqarolarni evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Bu esa Trampning g‘azabini keltirgan.  

Bu haqda Washington Post nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.  

AQSh 17 fevralda kemadan amerikaliklarni evakuatsiya qilishni yakunlagan. Yaponiya mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Yokogama portida turgan kema bortidan Tokio aeroportiga evakuatsiya qilinish uchun 340 amerikalik yetkazilgan. Ular AQShga keltirilgach, 14 kunlik karantinga joylashtirilgan. Kemada 40 amerikalikda koronavirus aniqlangan. Ular Yaponiyadagi shifoxonalarga davolanish uchun yuborilgan va evakuatsiya qilinmagan. Biroq aeroportga yo‘lda yana 14 amerikalik koronavirusga chalingani ma'lum bo‘lgan. Ular evakuatsiyani amalga oshirgan samolyotdagi boshqa odamlardan alohidalanib, uning maxsus hududiga joylashtirilgan.   

Dastlab Trampga kruiz layneridan virusga chalinmagan amerikaliklargina evakuatsiya qilinishi, kasallanganlar esa Yaponiyada qolishi ma'lum qilingan. Prezident sog‘lom yo‘lovchilar bilan birga kasallarning evakuatsiya qilinishini nojoiz deb topib, bunga rozilik bergan. 

Biroq keyinroq davlat departamenti va AQSh sog‘liqni saqlash vazirligining yuqori lavozimli vakili prezident roziligini olmay turib, samolyotga chiqarish oldidan koronavirus aniqlangan 14 amerikalikni ham evakuatsiya qilishga qaror qilgan.  

Ta'kidlanishicha, bu qarorni qabul qilgan amaldorlar AQSh hukumatining kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazining (CDC) tavsiyalariga amal qilishmagan. CDC esa kasallangan amerikaliklarning sog‘lom yo‘lovchilar bilan birga tashilishi virus tarqalishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Oq uy vakillaridan birining ma'lum qilishicha, Trampni bundan xabardor qilib qo‘ymaslik “katta xato” bo‘lgan. Uning ta'kidlashicha, Tramp voqeadan xabar topgach “o‘ta darg‘azab bo‘lgan”.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top