13:38 / 25.02.2020
0
9999
Dilshod Sultonov «Google solig‘i»ning ta'siri qanday bo‘lishini aytdi

Elektron xizmatlar rivojlanishi va QQS to‘lash o‘rtasida o‘zaro aloqa kuzatilmaydi, «Google solig‘i» undiriladigan davlatlarda elektron iqtisodiyotning rivojlanishiga ta'sir o‘tkazmaydi

Foto: KUN.UZ

Internet tarmog‘ida O‘zbekistonda Google Tax elektron xizmatlariga soliq solish to‘g‘risida maqolalar berilmoqda. Moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonov ushbu sohadagi yangiliklar haqida ma'lumot berdi, deb yozmoqda Norma.

 Yangi Soliq kodeksi kuchga kirgunga qadar qanday bo‘lgan

 2020 yil 1 yanvarga qadar elektron xizmatlarga quyidagi hollarda QQS solingan:

 1) O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan mamlakat hududida joylashgan iste'molchilarga xizmatlar ko‘rsatilganda. Bunda iste'molchi yuridik yoki jismoniy shaxs ekanligidan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan stavkada va tartibga ko‘ra QQS hisoblanadi.

 Biroq O‘zbekiston yuridik shaxslari tomonidan respublikadan tashqariga xizmatlar ko‘rsatilgan taqdirda, ushbu xizmatlar soliq solinmaydigan aylanma sifatida qaralgan. Bunda “kiruvchi” QQS hisobga olinmagan. Soliq xarajatlarga kiritilgan, bu esa elektron xizmatlar tannarxining oshishiga olib kelgan;

 2) O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan norezident – yuridik shaxslardan elektron xizmatlar xarid qilinganda. QQS xizmatlar xaridori tomonidan to‘langan. Masalan, norezidentdan elektron xizmatlarni 100 birlikda olishda QQS 15 birlik miqdorida to‘langan. Tanlangan soliq solish tizimiga qarab, ushbu soliq summasi yoki hisobga olingan, yoxud xizmatlar qiymatiga kiritilgan.

 Aynan shu norezident tomonidan O‘zbekistonda joylashgan jismoniy shaxsga xuddi shunday elektron xizmatlarni realizatsiya qilishda QQS na bizning mamlakatda, na xizmatlar yetkazib beruvchining mamlakatida to‘langan. Natijada elektron xizmatlarning mahalliy yetkazib beruvchilari jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatishda xorij bilan solishtirilganda teng bo‘lmagan sharoitlarga tushib qolar edilar. Budjetga daromadlar to‘liq to‘lanmas edi.

 2020 yil 1 yanvarga qadar elektron xizmatlar ko‘rsatishda QQS to‘lash sxemasi quyidagicha bo‘lgan:

Shu tariqa barcha elektron xizmatlarga, norezidentlar tomonidan O‘zbekiston hududida joylashgan jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlardan tashqari, QQS solinadi.

 QQS mamlakatda xizmatlar xaridori joylashgan joyi bo‘yicha to‘lanadi. Ushbu qoida nafaqat O‘zbekistonda, balki mazkur soliq undiriladigan barcha mamlakatlarda belgilangan.

 2020 yilda yuridik shaxslarda elektron xizmatlarga soliq solishda nimalar o‘zgardi

 O‘zgartirishlar, avvalo O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga taalluqlidir. Ular norezidentlarga xizmatlar ko‘rsatganida, ilgari xarajatlarga (tannarxga) qo‘shilgan “kiruvchi” QQS summasini hisobga olishlari mumkin. O‘zbekistonlik xizmatlar yetkazib beruvchilari budjetga QQS o‘tkazmasligiga qaramay bunga haqlidirlar. Ya'ni elektron xizmatlarni eksport qilish uchun zarur tovarlarni (xizmatlarni) xarid qilishda to‘lanadigan soliq endi davlat tomonidan ularga qaytarilishi lozim.

 Norezidentlardan elektron xizmatlarni xarid qiluvchi O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning QQS to‘lash bo‘yicha majburiyatlari saqlanib qoladi. Biroq endi ushbu yuridik shaxslar soliq agentlari hisoblanadi, chunki ular olinadigan xizmatlar qiymatidan soliqni chiqarib olishi lozim.

QQS xizmatlar qiymatiga kiritilmagan bo‘lsa, yuridik shaxs – rezident uni mustaqil hisoblab chiqarishi lozim, 2020 yil 1 yanvarga qadar shunday qilingan.

 2020 yilda O‘zbekistonda doimiy muassasaga ega bo‘lgan norezidentlar tomonidan ushbu muassasa orqali QQS to‘lanadi.

 Jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan elektron xizmatlarga soliq qanday tartibda solinadi

 2020 yildan boshlab xizmatlar kimlarga – yuridik yoki jismoniy shaxslarga ko‘rsatilishidan qat'i nazar, norezidentlarning elektron xizmatlardan olingan daromadlariga QQS solinadi. Jismoniy shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishda norezidenlarning o‘zlari yoki iste'molchilar bilan hisob-kitoblarni amalga oshiradigan vositalar soliq to‘lovchi hisoblanadi.

 Bu ular QQS to‘lashi uchun O‘zbekistonda vakolatxona ochishi, xodimlarni yollashi va shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirishi kerak, degani emas. Ulardan tax.uz saytida shaxsiy kabinetni ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi, u ularning QQS-ofisi bo‘ladi. Elektron shaklda masofadan turib soddalashtirilgan tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatlarning xorijiy yetkazib beruvchilariga soliq to‘lashga oid xarajatlarni kamaytirishga imkon beradi.

Bunga quyidagilarga imkoniyat yaratadi:

QQS bo‘yicha elektron shakldagi soddalashtirilgan hisobotni chorakda 1 marta masofadan turib topshirish;

iste'molchilarga hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish zarurati mavjud emasligi;

xorijdan turib soliqni valutada to‘lash.

 Bunda O‘zbekiston ikkiyoqlama soliq solishni oldini olish to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarning biror-bir qoidalarini o‘zgartirishiga yoki bekor qilishiga to‘g‘ri kelmaydi. Ular bevosita soliqlarni tartibga soladi va qo‘shilgan qiymat solig‘iga taalluqli bo‘lmaydi.

 O‘zbekiston elektron xizmatlarga soliq solishda hech qanday yangi mexanizmni o‘ylab chiqargani yo‘q. U ko‘pchilik davlatlar tomonidan qo‘llaniladi va ularga daromad keltiradi. Bunda elektron xizmatlar rivojlanishi va QQS to‘lash o‘rtasida o‘zaro aloqa kuzatilmaydi. «Gugl solig‘i» undiriladigan davlatlarda elektron iqtisodiyotning rivojlanishiga ta'sir o‘tkazmaydi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top