16:16 / 25.02.2020
0
41734
Husni Muborak vafot etdi

Misrning sobiq prezidenti Husni Muborak Qohirada 91 yoshida vafot etdi. U 1981 yildan 2011 yilgacha Misrni boshqargan, keyin «arab bahori» voqealari sifatida tarixga kirgan namoyishlar natijasida iste'foga chiqishga majbur bo‘lgandi.

Foto: Amr Nabil / AP

«Al-Arabiya» telekanali yozishicha, u Qohiradagi harbiy gospitalda jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgach bir necha hafta o‘tib hayotdan ko‘z yumgan.

Husni Muborak 1928 yilning 4 may kuni tug‘ilgan. U sovet ittifoqida harbiy samolyotlarni boshqarishni o‘rgangan, Misrda Jamol Abdul Nosir prezidentligi davrida turli harbiy lavozimlarda ishlagan va Misr Harbiy havo kuchlari shtab boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarilgan. 

Prezident Anvar Saodat davrida Husni Muborak mamlakat vitse-prezidenti etib tayinlangan, unga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng (1981 yil - tah.) esa prezidentlik lavozimini egallagan.

Muborak 2011 yil bahorida butun Misrni qamrab olgan namoyishlardan keyin iste'fo bergandi. Ko‘p o‘tmay u hibsga olinadi.

2012 yilda sobiq prezident namoyishlar vaqtida tinch aholi o‘qqa tutilishiga aloqador sifatida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. Ammo 2013 yilda harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirishgach, sobiq prezident sud instansiyasi tomonidan oqlanadi.

2017 yilda u ozodlikka chiqadi. Qamoqxonadaligida Misrning sobiq rahbari infarktni boshdan kechiradi.

Muborakning iste'fosidan keyin hokimiyatga muvaqqat hukumat kelgandi. 2012 yilda Misr tarixidagi ilk demokratik saylovlarda «Birodar musulmonlar» partiyasidan nomzod bo‘lgan Muhammad Mursiy g‘alaba qozonadi.

Muxolifat Mursiyni va uning partiyasini hokimiyatni monopollashtirishda va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarishda ayblaydi. Natijada bir yil o‘tib mamlakatda yangi namoyishlar boshlanib ketadi.

2013 yil iyulida Mursiy harbiy davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatdan chetlatiladi. Davlatni 2014 yildan general Abdul-Fattoy as-Sisiy boshqara boshlaydi (ayni vaqtga kelib uning maqomi feldmarshal darajasiga ko‘tarilgan).

O‘tmishdoshi kabi Mursiy ham hibsga olingan. U 2019 yil iyulida, to‘ntarishdan 6 yil vaqt o‘tib sud zalida vafot etdi.
 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top