12:24 / 25.02.2020
0
1776
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari aniqlandi 

Tashkilotlarning barcha bo‘linmalarida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tanlov o‘tkazish belgilangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi xabariga ko‘ra, tashkilotlarning barcha bo‘linmalarida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Tanlov ikkita yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazildi. “Tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi” nominatsiyasida g‘olibni aniqlashda quyidagi mezonlarga jiddiy e'tibor qaratildi:

xodimlarning ish vaqti davomida 3 mahal ishlab chiqarish gimnastikasi bilan shug‘ullanishi;

tashkilotlar tizimidagi muassasalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalari tashkil etilganligi;

aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etganligi;

tashkilotlarda ommaviy sportni targ‘ib qilish va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish maqsadida tegishli hujjatlar ishlab chiqilganligi;

tashkilotlarning Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi roliklar joylashtirilganligi;

tashkilotlarda xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus sport komplekslarini (trenajyor, fitnes zallar va boshqalar) tashkil etilganligi.

Mamlakatdagi korxona va tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Tashkilotlarning barcha bo‘linmalari miqyosida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini muntazam ravishda o‘tkazganligi uchun” nominatsiyasida Toshkent viloyati tomonidan tavsiya etilgan “Maxam-Chirchiq” aksionerlik jamiyati g‘olib, deb topildi. Ular 100 ballik tizimda 85 ball jamg‘ardi. Navoiy viloyatidan tavsiya etilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi esa 65 ball bilan ikkinchi bo‘ldi. Kuchli uchlikni Qashqadaryo viloyati nomzodi yakunlab berdi.

“Aholining keng qatlamlari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etganligi uchun” nominatsiyasida g‘oliblik uchun vazirlikning hududiy boshqarmalari kurash olib borishdi. Ushbu nominatsiyada ham g‘olib 100 ballik tizimda aniqlandi. Bunda 1-o‘rinni 65 ball bilan Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikdan Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari joy olishdi.

Shuningdek, tanlov g‘oliblarini aniqlashda tashkilot rahbarlarining jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirgan ishlari ham inobatga olindi.

Tanlov g‘oliblari “Jismoniy tarbiya va sport a'lochisi” ko‘krak nishoni hamda O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top