09:50 / 25.02.2020
0
10421
JSST: Xitoyda epidemiyaning eng yuqori darajasi ortda qoldi, biroq u pandemiyaga aylanishi ehtimoli mavjud 

Fevral oyi boshidan beri Xitoyda koronavirus epidemiyasi ko‘lami kamaya boshladi. Shuningdek, olimlar virus mutatsiya qilmaganini aniqlashgan.   

Foto: China Daily via REUTERS

Xitoyda koronavirus epidemiyasining eng yuqori darajasi ortda qoldi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreysus 24 fevralda o‘tkazilgan brifingda ma'lum qildi. 

Uning ta'kidlashicha, JSST va Xitoyning birgalikdagi missiyasi Xitoy provinsiyalarida, jumladan virus tarqalishi o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahridagi vaziyatni o‘rganish natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etdi. 

“Jamoa virusning transmissivligi, u keltirib chiqaruvchi kasallikning og‘irligi va ko‘rilgan choralarning samaradorligi bo‘yicha bir qator xulosalar chiqardi. Mutaxassislar epidemiya eng yuqori darajasiga 23 yanvar va 2 fevral oralig‘ida yetganini va shundan keyin muqarrar pasayib borayotganini aniqlashdi”, deb aytgan Gebreysus.

Uning ma'lum qilishicha, koronavirus aniqlangandan keyin uning DNKsida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermagan. Undan o‘lim darajasi Uxanda 2 foizdan 4 foizgachani, uning tashqarisida esa 0,7 foizni tashkil qiladi. 

Shu bilan birga Gebreysusning ta'kidlashicha, virus pandemiyaga aylanishi ehtimoli mavjud. Uning aytishicha, ayni vaqtda virusning nazorat ostidan chiqib ketgan global tarqalishi, katta ko‘lamdagi og‘ir kasallanishlar yoki undan ko‘p sondagi o‘limlar yo‘q.

“Bu virus pandemiyaga aylanishi mumkinmi? Shubhasiz, mumkin. Biz hozirda pandemiya bosqichidamizmi? Bizning baholashimizcha, hozircha yo‘q”, deb aytgan JSST rahbari.

Uning ta'kidlashicha, hozirda koronavirusning dunyoning turli burchaklarida individual munosabat bildirilishini talab qiluvchi tarqalishi kuzatilmoqda. 

“Ayni damda “pandemiya” so‘zining qo‘llanishi hozirgi sharoitga to‘g‘ri kelmaydi va shubhasiz, vahima uyg‘otishi mumkin. Biz pandemiya ehtimoliga tayyor turish uchun barcha imkoni bor choralarni ko‘rib, e'tiborimizni virus tarqalishini to‘xtatishga qaratishimiz lozim”, deb qo‘shimcha qilgan JSST rahbari.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top