13:21 / 25.02.2020
3
62815
Koronavirus: Pandemiya boshlandimi yoki yo‘q, qo‘rquvga hojat bormi?

O‘tgan haftaning dam olish kunlari dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin ortdi. Shu bilan birga, rasmiy ravishda SARS-CoV-2 deb nomlangan virus Xitoy chegaralari va achinarli ravishda «suzuvchi Petri piyolasi» laqabini olgan «Daymond Prinsess» kruiz kemasidan tashqariga chiqib ketdi. 

Foto: Manuel Silvestri/Reuters

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 78 mingga yaqin kishi koronavirus bilan kasallangan, ulardan 2663 kishi vafot etgan. Boshqa o‘nlab mamlakatlarda 2000dan ortiq infeksiyaga chalinish holati va 37ta o‘lim holati qayd etilgan. 

Zotiljam virusi keltirib chiqaruvchi kasallik holatlari o‘tgan hafta Janubiy Koreya, Eron va Italiyada avj oldi, bu mamlakatlarda so‘nggi kunlar ichida o‘nlab kishilar virus yuqtirish oqibatida olamdan o‘tdi.

Dushanba kuni Iroq, Afg‘oniston, Kuvayt, Ummon va Bahrayn davlatlari virus yuqtirib olgan ilk bemorlar haqida xabar berishgan — bu holatlarning barchasida Erondan kelgan fuqarolar kasallangani aniqlangan. Bahrayn rasmiylarining ma'lum qilishicha, koronavirus maktab avtobusi haydovchisida topilgan va natijada bir nechta maktablar yopildi.

Kuwait City shahridagi restorandagi ayollar (AFP Photo/YASSER AL-ZAYYAT)

Dunyoda ahvol qanday: 

  • Xitoy koronavirus tarqalishini cheklash maqsadida har yilgi parlament yig‘ilishini qoldirdi;
  • Xitoy hukumati yovvoyi hayvonlar go‘shtini iste'mol qilishni, shuningdek yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi hayvon turlarini ov qilish, tashish va ular savdosini taqiqladi. Ma'lumki, yangi koronavirus epidemiyasi Uxandagi yovvoyi hayvonlar bozorida boshlangan;
  • Dushanba kuni Xitoyda 508ta yangi Covid-19 holati, asosan, Uxanda qayd etildi;
  • Eron yakshanba kuni mamlakatda Covid-19’ning 64 holati aniqlanganini tasdiqladi, ularning aksariyati dunyo shialariga diniy bilim beruvchi Qum shahrida. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 12 kishi vafot etgan. Dushanba kuni parlamentning Qum shahridan bo‘lgan deputati hukumatni epidemiya bilan bog‘liq faktlarni yashirishda ayblab, u yerda kasallikdan allaqachon 50 kishi vafot etganini aytdi. Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi bu bayonotni darhol rad etdi;
  • Janubiy Koreyada koronavirus bilan kasallanganlar soni 893 kishiga yetdi, mamlakatda 8 kishi virus qurboni bo‘lgan
  • Shimoliy Koreya 380 nafar chet el fuqarosini koronavirus tahdidi ostida karantinga oldi;
  • Tataristonda, «Daymond Prinsess» kruiz kemasining sakkiz nafar yo‘lovchisi Qozondagi kasalxonaga yetkazilganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar koronavirus bilan xastalanganlar haqidagi tashvishli xabarlarga to‘lib ketdi. Mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi vahima qo‘zg‘ash uchun hech qanday sabab yo‘qligini aytmoqda; 
  • Italiyada Lombardiya va Veneto provinsiyalarining bir necha tumanlarida karantin joriy etildi. Bu mamlakatda 229 kishida virus aniqlangan, 5 kishi vafot etgan, 50 ming kishiga keyingi ikki hafta ichida o‘z shaharlarini ruxsatsiz tark etish taqiqlanadi; 
  • Jahon bozorida oltin narxi investorlarning xavotirlari fonida yetti yil ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi; 
  • Dow Jones indeksi Osiyo va Yevropadagi epidemiyalar ortidan Amerika bozorlaridagi savdo ochilishida 3,4 foizga quladi.

Shifokorlar koronavirus tarqalishi pandemiya darajasiga yetgani haqida ishonch bilan gapirishmoqda. Bu nimani anglatadi?

Pandemiya nima?

Ushbu so‘z yunon tilidan kelib chiqqan: «hamma» degan ma'noni anglatuvchi «pan» so‘zi va «demos» («odamlar»). Mutaxassislar atamadan bir vaqtning o‘zida sayyoramizning turli qismlariga tarqaladigan kasalliklar holatlarida foydalanishadi. So‘zning o‘zi qo‘rquv uyg‘otmasligi kerak: u kasallik xavfini emas, balki uning tarqalish darajasini belgilaydi. Bu faqat yuqumli kasalliklar uchun tegishli.

Oddiy qilib aytganda, kasallikning mamlakat bo‘ylab faol va nazoratsiz tarqalishi — epidemiya; turli mamlakatlar va qit'alar aro tarqalishi — pandemiya. 

Bugungi COVID-19 yoyilishi (yangi koronavirus keltirib chiqargan kasallik shunday ataladi) Buyuk Britaniyadan Janubiy Koreyaga qadar 30dan ortiq davlatga ta'sir ko‘rsatdi va JSST tashkiloti yaqingacha foydalangan pandemiya ta'rifiga mos keladi.

Biroq, hozirda JSST rasmiy ravishda «pandemiya» atamasini qo‘llamayapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreysus 24 fevral kuni o‘tkazilgan brifingda virus pandemiyaga aylanishi ehtimoli mavjudligini istisno qilmadi. Uning aytishicha, ayni vaqtda virusning nazorat ostidan chiqib ketgan global tarqalishi, katta ko‘lamdagi og‘ir kasallanishlar yoki undan ko‘p sondagi o‘limlar yo‘q.

«Bu virus pandemiyaga aylanishi mumkinmi? Shubhasiz, mumkin. Biz hozirda pandemiya bosqichidamizmi? Bizning baholashimizcha, hozircha yo‘q», degan u.

Tashkilot vakili Tarik Yasarevich ham tashkilotda bunday atama mavjud emasligini aytib o‘tgan.

«Aniqlashtirish uchun, JSST olti fazadan iborat — birinchi bosqichdan (virusning hayvondan odamga yuqishi holati kuzatilmasligi) oltinchi bosqichgacha bo‘lgan (pandemiya) — eski tizimdan foydalanmaydi — ko‘pchilik 2009 yildagi H1N1 tarqalishini eslashi mumkin», — deydi u. Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, kundalik hayotda «pandemiya» atamasi odamdan odamga yuqadigan yangi patogenning tarqalishini anglatadi. 

Milanda koronavirus avj olishi tufayli ko‘plab tadbirlar bekor qilingan /Reuters

2009 yilda H1N1 virusi yoyilishi (xalq orasida «cho‘chqa grippi» deb ataladi) Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti terminologiyasidagi so‘nggi pandemiya bo‘lgandi. O‘shandan beri tashkilot bu kabi holatlarni «xalqaro holatdagi jamoat salomatligiga xavf» (Public Health Emergency of International Concern, PHEIC) deb e'lon qildi. 

Xitoyning Uxan shahridan boshlangan koronavirusning sayyora bo‘ylab tarqalishida PHEIC 2020 yil 30 yanvarda e'lon qilindi.

Insoniyat tarixidagi pandemiyalar

Pandemiya miqyosidagi kasalliklarning tarqalishi insoniyatga allaqachon ma'lum bo‘lgan: mashhur «Qora o‘lim» — XIV asrda Yevropani qamrab olgan pandemik vabo va XX asr boshlarida butun dunyo bo‘ylab 500 millionga yaqin odamga yuqqan «ispanka», ulardan 100 millionga yaqini vafot etgan. XIX asrda har to‘rtinchi yevropalik vafot etgan sil kasalligi va hozirgi vaqtda OIV tarqalishini ham pandemiya deb atash mumkin. 

XXI asrda insoniyatni atipik pnevmoniya (SARS, 2003), parranda grippi (2003), Yaqin Sharq respirator sindromi (MERS, 2012), Ebola bezgagi (2014-2015) va Zika bezgagi (2016) juda qo‘rqitdi. Zamonaviy kasalliklar qurbonlari «ispanka» yoki vaboga qaraganda kamroq. Ammo yodga solish kerakki: «pandemiya» so‘zi o‘lim darajasi emas, balki tarqalish miqyosini anglatadi. 

Hozirgi avj olish qanchalik xavfli?

Yangi koronavirus uchun vaksina hali ishlab chiqilmagan. Shu bilan birga, mutaxassislarning ta'kidlashicha, SARS-CoV-2’dan o‘lim holati hozircha odatiy mavsumiy gripp darajasidan oshmaydi. 

Koronavirusdan kasallanish holatlari butun dunyo bo‘ylab oshmoqda / GETTY IMAGES

Ushbu virus bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashishining sababi uning tashuvchilarida ko‘pincha biror alomat yo‘qligi va o‘zlarining kasalliklari haqida xabardor emasliklaridir. Ba'zi odamlarda kasallik virus yuqqanidan bir necha kun o‘tgach o‘zini namoyon qiladi. Aynan shu sababli, yuqtirish xavfi bo‘lganlarning barchasi 14 kungacha karantinga yuboriladi. 

Virusga qarshi kurashda uning tarqalishini iloji boricha tezroq cheklash muhim. Buning uchun qo‘llarni yaxshilab yuvish va odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi.

Angliyalik shifokorlar o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishning foydalari haqida gapirishadi: Angliyaning bosh tibbiy maslahatchisi, professor Kris Uittining Bi-bi-si radiosiga aytishicha, avj olishni kechiktirish hech bo‘lmaganda virusni o‘rganish va vaksinani ishlab chiqishda ko‘proq vaqtga ega bo‘lish uchun kerak. 

Bundan tashqari, agar bironr kasallikning oldini olishning iloji bo‘lmasa, bu holat Milliy sog‘liqni saqlash xizmati katta yuk ostida bo‘ladigan qishda emas, balki yozda kuzatilgani yaxshiroq.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top