10:50 / 25.02.2020
0
14672
Koronavirusdan zararlanganlar soni 80 mingdan oshdi

25 fevral kungi ma'lumotlarga ko‘ra COVID-19 koronavirus infeksiyasidan zararlanish holati Xitoyning materik qismida yana 508 kishida qayd etildi, so‘nggi bir kun ichida mamlakatda 71 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi.

Foto: AFP Photo/YASSER AL-ZAYYAT

South China Morning Post nashri xabar berishicha, endilikda Xitoy hududida virusdan zararlanganlarning jami soni 77658 nafarga yetgan, dunyoning boshqa qismidagi holatlar qo‘shib hisoblanganda bu raqam — 80130 kishini tashkil etadi. Xitoyda kasallikdan jami 2663 kishi halok bo‘lgan, boshqa mamlakatlarda yana 37 kishi.

Janubiy Koreya — COVID-19 koronavirusi tarqalishining Xitoydan keyingi ikkinchi o‘chog‘iga aylangan. Bu mamlakatda so‘nggi bir kunda yana 60 kishi virus yuqtirgani aniqlandi va virus yuqtirganlarning jami soni 893 kishiga yetdi. 24 fevral kuni mamlakat hududida yana bir kishi virusdan vafot etib, infeksiya boshlanganidan buyon qurbonlar soni — sakkiz nafarga yetdi. Bu xabarlar fonida Xitoydagi shaharlar Janubiy Koreya fuqarolari uchun yopilmoqda. AQSh o‘z fuqarolarini Janubiy Koreyaga bormaslikka chaqirmoqda.

Italiyada esa COVID-19 epidemiyasining Yevropadagi o‘chog‘i bo‘lib turibdi, 25 fevral kuniga kelib koronavirus aniqlangan kishilar soni 209 nafarga yetgan, 7 kishi virus qurboniga aylangan.

Reuters ma'lumotiga ko‘ra, Xitoydan tashqari yana 30dan ortiq mamlakatda koronavirus aniqlangan.

24 fevral kuni Yaqin Sharqdan ham xavotirli xabarlar tarqala boshladi. Kuvayt, Bahrayn, Ummon, Afg‘oniston va Iroq hukumatlari koronavirusdan zararlanishning ilk holatlari haqida e'lon qildi. Bu mamlakatlarda shu kunlarda Eronda bo‘lib qaytgan fuqarolarda koronavirus aniqlangan. Eron esa koronavirusning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi o‘chog‘i bo‘lib turibdi, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bu yerda 12 kishi koronavirus yuqtirish oqibatida o‘lim topgan, 64 kishida virus aniqlanib, ular shifoxonaga joylashtirilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top