15:34 / 25.02.2020
0
6722

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi qo‘shni davlatlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetidan hujjatlarni O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga topshirgan talabalardan o‘qishni mamlakatimiz oliygohlariga ko‘chirgunga qadar ta'limni davom ettirishni so‘radi.

Foto: RIA Novosti

«O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga kelib tushgan murojaatlar asosida assotsiatsiya tomonidan Qozog‘iston Respublikasining Muxtor Avezov nomidagi Qozog‘iston davlat universitetidagi jarayonlar o‘rganildi.

Qozog‘istonda jami 27 ming (kunduzgi — 30 foiz, sirtqi – 70 foiz) nafar, xususan, Chimkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarida 15 ming nafar, birgina Muxtor Avezov universitetining o‘zida 7 ming 80 nafar o‘zbekistonlik talabalar kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta'lim olmoqda.

Universitet ma'muriyati talabalar o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha hujjatlarni olib O‘zbekistonga topshirgandan so‘ng o‘qishga qaytmayotganini aytib, oliygohning ichki tartib qoidalariga ko‘ra, agar talaba o‘qishni 40 akademik soatdan oshiq qoldirsa, o‘qishdan chetlashtirishini ma'lum qildi.

Universitet mutasaddilarning bergan ma'lumotiga ko‘ra, ayrim talabalar fanlarni oxirigacha yopmay oliygohdan hujjat nusxalarni olgach, universitetga qaytib kelmagan. Ularning hujjatlarini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekistonda muammolar yuzaga kelsa va yana Qozog‘istonda davomat 40 soatdan oshib o‘qishdan chetlashtirilsa, ta'limni davom ettirish bilan bog‘liq ziddiyatlar kelib chiqishi mumkinligini ta'kidladi.

Shularni inobatga olgan holda, o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish maqsadida arizalarni topshirgan talabalardan qo‘shni davlatlardagi oliy ta'lim muassasalarining ichki tartib–qoidalariga amal qilishlari hamda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga o‘qishni ko‘chirish masalasi hal bo‘lgunga qadar ta'lim jarayonlarini davom ettirishlarini so‘rab qolamiz.

Qo‘shni davlatlardan o‘qishni ko‘chirish istagidagi bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan ko‘rsatiladigan konsultativ xizmatdan foydalanish uchun (+998 99) 345-55-59 ishonch telefonlariga murojaat qilishingiz mumkinligini ma'lum qilamiz. Ishonch telefoniga Telegram, Imo, Instagram, Viber, WhatsApp, WeChat aloqa messenjerlari orqali murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shni davlatlar (Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston)dagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga o‘qishini respublikamiz oliy ta'lim muassasalariga imtihonlarsiz ko‘chirish bo‘yicha ariza qabul qilish davom etmoqda», deyiladi murojaatda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top