17:00 / 25.02.2020
0
2375
«Qurilish - UzBuild 2020» ko‘rgazmasi boshlandi
Foto: UzBuild

25 fevral kuni Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» MKMda XXI O‘zbekiston Xalqaro «Qurilish - UzBuild 2020» ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.

Har yili an'anaviy tarzda alohida e'tibor qozonadigan va qurilish jamiyatida o‘zini namoyon etgan ushbu xalqaro sanoat maydonida mahalliy va xorijiy qurilish materiallari, texnologiyalar va maxsus asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchilarning eng sara yutuqlari va tajribalari namoyish etiladi.

Ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, «QurilishMashLizing» respublika ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi AJ, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda «O‘zekspomarkaz» MKM hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Xalqaro tadbir «O‘zekspomarkaz» MKM ko‘rgazma maydonining 19000 kvadrat metrdan ortiq hududini egallagan. E'tiborlisi, joriy yilgi ko‘rgazmada rekord miqdordagi kompaniyalar va brendlar ishtirok etmoqda. Xususan, rivojlangan 25ta mamlakat: Avstriya, AQSh, BAA, Germaniya, Gruziya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Lixtenshteyn, Ozarbayjon, Polsha, Portugaliya, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Ukraina, Finlyandiya, Xitoy, Shveytsariya, Gretsiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Hindistondan kelgan 400dan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etmoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, joriy yilgi anjumanda 175 kompaniya birinchi marotaba ishtirok etmoqda, ularning 134tasi xalqaro va 25tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilardir.

«UzBuild-2020» xalqaro ko‘rgazmasi qurilish va bezash materiallari, interer va dizayn, derazalar, eshiklar, fasad, asboblar va mahkamlash, keramika va pardozlash toshlari, ko‘chmas mulk, uy qurilishi, arxitektura va dekorativ dizayn, yorug‘lik, elektr, landshaft va ko‘kalamzorlashtirish bo‘limlariga bo‘lingan holda o‘tkazilyapti.

Ko‘rgazmada milliy guruhlarni namoyish etuvchi Yevropa mamlakatlari orasida - ekspozitsiyasi maydonini sezilarli darajada oshirgan Germaniya davlatidan 30 kompaniya qatnashmoqda. Germaniya ishlab chiqaruvchilari keng turdagi uskunalar, texnologiyalar, qurilish mahsulotlari va butlovchi qismlarini taqdim etmoqda.

Tadbirda har yili qatnashib kelgan Turkiya 129ta kompaniya bilan ko‘rgazmada o‘z qurilish mahsulotlarini namoyish etyapti.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida «ICCI 2020» ikkinchi Xalqaro qurilish sanoati anjumani, seminarlar, ma'ruzalar va mahorat darslari, shuningdek professional uchrashuvlar va munozaralar, yangi qurilish texnologiyalari va me'morchilik yechimlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.

«UzBuild 2020» xalqaro ko‘rgazmasi 28 fevralga qadar davom etadi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top