11:22 / 25.02.2020
9
21531
Sariosiyodagi oxirigacha obod bo‘lmay qolgan mahalla: Sharoit yo‘qligidan qariyalar qiynalishmoqda

Mahallada ishlar rejadagidek amalga oshirilmagani tufayli ko‘chalar yana o‘nqir-cho‘nqir holga qaytgan, elektr energiyasi ta'minoti qoniqarsiz holda qolmoqda - transformator dam-badam portlab ketadi.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani «Gulobod» mahallasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 mart kungi «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida»gi PF–5386-sonli farmoniga ko‘ra obodonlashtirish ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Lekin 1950-yillarda asos solingan qishloqda «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar o‘lda-jo‘lda va sifatsiz bajarib ketilgani mahalla ahlining hafsalasini pir qildi.

Masalan, mahalla markaziy ko‘chasiga yotqizilgan sifatsiz asfaltda bir yilga bormasdan chuqurlar paydo bo‘ldi va yog‘inli kunlarda ko‘lmaklar hosil bo‘lmoqda.

Dastur doirasida ariqlar tartibga keltirilmadi. Simyog‘ochlarni almashtirish uchun beton ustunlar keltirildi, lekin ular ko‘chaning yarmini band qilib yotibdi, xolos.

Mahalla ahlini qiynayotgan eng katta muammo — elektr energiyasi to‘xtovsiz o‘chaverib, barchani bezor qilayotganidir.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi oqsoqollardan biri Qurbonboy Xo‘janazarovning so‘zlariga ko‘ra, 1954 yildan buyog‘iga hozirgacha birorta simyog‘och almashtirilmagan.

«Bir sutkada 24 soat bo‘lsa, shundan 4-5 soat svet bersa, qolgan vaqt o‘chadi», — deydi oqsoqol.

Mahalladagi boshqa oqsoqollar ham chiroqsiz dunyodan uzilib qolishayotganini bildirishdi.

«Svet o‘chgani tufayli televizorda yangiliklardan bexabar qolmoqdamiz», — deydi Ramazon Hojiyev.

«Prezidentning Parlamentga murojaatnomasini, 4 soatlik nutqini biz odamlarning og‘zidan eshityapmiz. Shu murojaatnomaning hattoki 10 daqiqasini ham ko‘ra olganimiz yo‘q. Xitoyda koronavirus tarqabdi, degan xabarni televizorda endi tomosha qilayotgan edik, svet ketdi, oxirigacha eshitolmay ham qoldik», — deydi Qurbonboy Xo‘janazarov.

Ularning aytishicha, chiroq kechasi soat 1dan tonggi soat 6gacha uzatilmoqda.

Mahallaning faqat yarmi tabiiy gaz bilan ta'minlangan. Holbuki quvurlar va GRPlar joyida turibdi. Ballonli gaz ham vaqtida yetkazilmayapti, yetkazilgani esa oilalarning ehtiyoji uchun kamlik qilmoqda.

Isitish uchun gazdan foydalanishning imkoni yo‘qligi sabab, qishda uylar elektr energiyasi yordamida isitiladi. Mahalladagi transformator podstansiyasi esa ortiqcha zo‘riqishni olmayapti. Ushbu mahallada bo‘lib, oqsoqollar bilan suhbatlashib qaytganimizdan so‘ng transformator podstansiyasi portlab ketib, mahalla 10 kun chiroqsiz qolgan.

Ta'mirlashgandan so‘ng podstansiya yana ikki kunda portlab ketgan.

Mahalladagi bosh ko‘cha elektr energiyasi taqchilligidan ozor chekmoqda. Bu ko‘chada eng birinchi bo‘lib ko‘chib kelganlar yashaydi va ularning ko‘pchiligi qariyalardir. 90 yoshdan oshganlar ikki nafar, 70-80 yoshdan oshgan qariyalar esa 40 nafarga yaqin. Ular qishda chiroqsiz juda qiynalishmoqda.

Oqsoqollarning fikricha, shu yerdagi sobiq kollej binosi elektr uzatish liniyasidan 200 metrcha sim tortib, tok olib yoki yangi trasformator podstansiyasi quribgina muammoni hal etish mumkin.

Oqsoqollar «Toza hudud» DUK tomonidan ko‘chadagi chiqindilar ham o‘z vaqtida tozalab olib ketilmayotganini aytib o‘tishdi. Holbuki, chiqindi uchun aholidan oyma-oy pul undiriladi.

Shuningdek, uzoq yillardan buyon foydalanib kelingan mahalla masjidi ham yopilgani, bobolar kundalik jamoat namozlari uchun uzoqroqdagi masjidga chiqishga qiynalishayotganini aytib, barcha shart-sharoitlarga ega, ta'mirlangan ushbu masjidni ham jome' masjidi filiali sifatida ochib berishni mutasaddilardan so‘rab qolishdi.

Birgina mahallada to‘planib qolgan muammolar bilan tanishdingiz. Ularning aksariyati mutasaddi tashkilotlar ko‘magi bilangina hal bo‘ladi. O‘ylaymizki, «Gulobod»ni obod qilish yo‘lida boshlangan ishlar sariosiyolik mutasaddilar tomonidan yakuniga yetkazib qo‘yiladi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top