12:00 / 25.02.2020
0
72375
Shavkat Mirziyoyev Tramp va Pompeoga qanday sovg‘alar bergani ma'lum bo‘ldi

2018 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga «Registon» majmuasining kumush nusxasini ham sovg‘a qilgan.

Foto: Samira Bouaou/The Epoch Times

Sovg‘a 2018 yil mayida AQShga rasmiy tashrif vaqtida berilgan. Mazkur miniatyura 2950 dollarga baholangan.

AQSh Federal reyestri 24 fevral kuni e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, tashrif vaqtida Amerika rahbarining rafiqasi Melaniya Trampga 4200 dollar qiymatdagi choyshab sovg‘a qilingan, Davlat kotibi Maykl Pompeoga esa – 1580 dollar qiymatdagi yog‘och stol va stullar jamlanmasi sovg‘a qilingan.

O‘zbekiston rahbaridan Oq uy ma'muriyatining o‘sha vaqtdagi rahbari Jon Kelli (600 dollarlik kartina), Trampning maslahatchisi Larri Kudlou (430 dollarlik idishlar to‘plami va vaza) va boshqalar ham sovg‘a olgan.

Donald Trampga ko‘plab davlatlar rahbarlari qimmatbaho sovg‘alar berishgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron amerikaliklar prezidentiga 8200 dollar bahosidagi Louis Vuitton golf sumkasini taqdim etgan va bu Trampning o‘ziga topshirilgan eng qimmatbaho sovg‘adir. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo esa bahosi 470 dollar bo‘lgan oq marmardan tayyorlangan beluxa kiti haykalchasini tuhfa qilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampga Rossiyada o‘tkazilgan jahon chempionatiga atab chiqarilgan 12 dona kumush tangadan iborat to‘plamni sovg‘a qilgan, uning qiymati 1500 dollarga baholangan.

AQShning birinchi xonimiga ham ko‘plab sovg‘alar taqdim etilgan: Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makrondan Givenchy hamyoni (850 dollar), Misr prezidenti Abdul Fattoh al-Sisiydan Shosha Kamal dizaynerlik uyining kursisi (10 ming dollar), Livanning AQShdagi elchisi Gabriel Issadan 450 dollarlik tunika.

  • Eng qimmatbaho sovg‘ani ham Melaniya Tramp olgan — Qatar amiri Tamim ibn Hamad unga Nimfenburg chinnisidan tayyorlangan 23 ming dollarlik oltita likopchadan iborat to‘plamni sovg‘a qilgan.
  • Eng arzon sovg‘alar narxi 450 dollarlik bo‘lib, Davos meri sovg‘a qilgan golf chavgoni va Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy tuhfa etgan dasturxon ana shu narxga baholangan.

AQSh Federal reyestri ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampning oilasi va prezident administratsiyasining yuqori martabali vakillari 2018 yilda xorijiy davlatlari rahbarlaridan jami 88 420 AQSh dollari qiymatidagi sovg‘alar qabul qilib olishgan.

Deyarli barcha sovg‘alar an'anaga ko‘ra, saqlab qo‘yish uchun Milliy arxiv va hujjatlar boshqarmasiga topshirilgan. Sovg‘a olganlar davlat xizmatchisi bo‘lgani sabab sovg‘alarni sotib olish imkoniga ega. Masalan, Jared Kushner va Ivanka Tramp Iordaniya qiroli va qirolichasi sovg‘a qilgan 3185 dollarlik to‘rtta bilaguzukni sotib olishga qaror qilishgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top