10:42 / 25.02.2020
0
3511

Tanqiddan so‘ng: Urgutdagi maktabda bolalar sovqotmaydigan bo‘ldi

Kun.uz saytida «Isitish zo‘r, termometr buzuq, murojaatchi «tuhmatchi» — Urgutdagi maktab qishni qanday o‘tkazmoqda?» sarlavhasi ostida tumandagi 45-maktabda isitish tizimi nosozligi tanqid ostiga olingan maqola e'lon qilingan edi.

Oradan bir necha hafta o‘tib murojaat egalari tahririyatga qo‘ng‘iroq qilishdi va muammoga yechim topilgani, bolalar endi sovuqdan aziyat chekishmayotganini aytib, minnatdorlik bildirishdi.

Bugun, 24 fevral kuni Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri imzosi bilan ana shu maqola yuzasidan munosabat bildirildi.

«Joriy yilning 8 fevral kuni Kun.uz sayti orqali Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli 45-umumta'lim maktabidagi isitish tizimi bilan bog‘liq muammolar aks etgan «Isitish zo‘r, termometr buzuq, murojaatchi «tuhmatchi» — Urgutdagi maktab qishni qanday o‘tkazmoqda?» nomli maqola e'lon qilingan edi. Maktabdagi vaziyat yuzasidan ota-onalar tomonidan viloyat hokimining Telegram messenjeriga ham murojaat qilingan.

Ta'lim muassasasini isitish tizimi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va bartaraf etish maqsadida Urgut tuman hokimligi va tuman xalq ta'limi bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, mavjud holat o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatan ham 45-umumta'lim maktabida sinfxonalarni isitish bilan bog‘liq muammolar borligiga aniqlik kiritildi. Ba'zi qozonlar ta'mirtalab ahvolga kelib qolgani, elektr energiyasidagi uzilishlar muammoning asosiy sababi ekani ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, isitish qozonlari qayta ta'mirdan chiqarildi, foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan bitta havo purkagich yangisiga almashtirildi. Uskunalar soz holatga keltirilgach, sinovdan o‘tkazildi va uch soatda ta'lim muassasasi sinfxonalaridagi harorat me'yor darajasiga yetdi.

Urgut tumanidagi shu va boshqa umumta'lim maktablaridagi isitish holati doimiy nazoratga olingan va yuzaga kelgan muammolar bartaraf etilmoqda», deyiladi Urgut tuman xalq ta'limi bo‘limining Kun.uz tahririyatiga yo‘llagan munosabatida.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top