10:29 / 25.02.2020
2
14532

Turkmaniston konstitutsiyasi sobiq prezidentlarga parlamentda umrbod a'zolikni kafolatlaydigan qilib o‘zgartirilmoqda 

Turkmanistonda konstitutsiyaga sobiq prezidentlarga parlamentning yangi tashkil etilayotgan yuqori palatasida joy kafolatlaydigan o‘zgartirishlar tayyorlandi.    

Gurbanguli Berdimuhamedov/Foto: Valery Sharifulin\TASS

Ushbu o‘zgartirishlar loyihasi Turkmanistonda ikki palatali parlament tashkil etilishini ko‘zda tutadi. Ushbu parlamentda hozirgi Mejlis quyi palataga aylanadi va yangi yuqori palata – Xalq Maslahati paydo bo‘ladi.

Taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra mamlakatning sobiq prezidentlari parlamentning yuqori palatasining umrbod a'zolariga aylanishadi, uning spikeri esa prezident og‘ir kasallikka uchrasa yoki vafot etsa yangi davlat rahbari saylangungacha prezident vazifasini bajaradi. Shu bilan birga yuqori palata va Mejlis rahbarlari yashirin ovoz berish bilan saylanadi. Yuqori palataning a'zosi va demakki raisi ham bir vaqtda vazir, hokim, archin (mahalliy hokimiyat idoralari boshlig‘i), sudya yoki prokuror lavozimlarini egallay olmaydi. Ayni vaqtgacha bu cheklovlar Mejlis a'zolariga nisbatan amal qilgan. 

Bungacha Turkmaniston konstitutsiyasida sobiq prezidentlar taqdiri haqida hech narsa deyilmagan. Faqatgina prezident og‘ir kasallikka uchrasa yoki vafot etsa, uning majburiyatlarini Mejlis raisi bajarishi aytib o‘tilgan.

Loyihaga ko‘ra, u  muhokama qilinib, parlament tomonidan ma'qullansa, o‘zgartirishlar 2021 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. 

Turkmanistonning yagona sobiq prezidenti Saparmurot Niyozov 2006 yilda vafot etgan va kuzatuvchilar konstitutsiyaga kiritilmoqchi bo‘layotgan o‘zgartirishlarni 62 yoshli prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning hokimiyatni topshirishga tayyorlanayotgani sifatida baholashmoqda.

Berdimuhamedov fevralda 38 yoshli o‘g‘li Sardorni Turkmanistonda yangi tashkil etilgan sanoat va qurilish vazirligiga rahbar etib tayinlagandi. Bu esa prezident o‘z o‘rniga o‘g‘lini tayyorlayotgani haqida gap-so‘zlar urchishiga sabab bo‘lgan. Bungacha Sardor Berdimuhamedov Turkmanistonning Axal viloyatiga rahbarlik qilgan va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Saparmurot Niyozov vafotidan keyin o‘shanda bosh vazir o‘rinbosari lavozimini egallagan Gurbanguli Berdimuhamedov davlat rahbari lavozimini bajara boshlagan, 2007 yildagi saylovlarda esa prezident etib saylangan. U 2017 yilda yangi yetti yillik muddatga prezident etib qayta saylandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top