14:45 / 25.02.2020
0
15610
Yana firibgarlik va yana XBA: Koreyaga ketish uchun pul bergan andijonliklar aldandi

Rahbari ustidan jinoiy ish ochilgan navbatdagi xususiy bandlik agentligi – “Historical Travel”. Agentlik rahbari o‘nlab fuqarolarni Koreyaga ishga jo‘natishni va'da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 2500-5000 dollardan pul yig‘ib olganlikda ayblanyapti.

Kun.uz tahririyatiga xususiy bandlik agentligi ustidan navbatdagi shikoyat Andijon viloyatidan kelib tushdi.

«Andijon shahrida joylashgan «Xususiy Bandlik Agentligi Historical Travel» MChJ rahbari Elyor Omonov chet davlatga ishga yuboraman deb, har birimizdan 2500 AQSh dollaridan 5000 AQSh dollarigacha pul oldi va 1 yildan ortiq vaqt mobaynida bizni chet elga jo‘nata olmadi. Natija bo‘lmagach, pullarimizni qaytarib bermayapti», – deyiladi aldanib qolgan fuqarolar murojaatida.

Murojaatchilar bilan bog‘lanib, ular bilan Andijon shahrida uchrashdik.

«2018 yil dekabr oyida «Xususiy Bandlik Agentligi Historical Travel» MChJga kelib, rahbari Elyor Omonovga Koreya davlatiga ishga ketish uchun hujjat topshirdim.

MChJ ish faoliyati reklamasini televizorda va internet orqali ko‘rgan edim. Men dekabr oyida shartnoma tuzdim va hujjatlarni qabul qilishlari uchun 2500 AQSh dollari miqdorida pul to‘ladim.

Agarda 6 oy ichida chet elga chiqara olishmasa, bergan pullarimni 100 foiz qaytarishlarini aytishgan edi.

Mart oyiga borib, ichki imtihon bo‘lishini va shu oyda chiqib ketishimizni ham ta'kidlashdi. Imtihonlardan ham o‘tdik. Oradan 6 oy o‘tgach, MChJ rahbari bizni aslida E9 vizasi bilan Koreyaga yuborishi kerakligini, lekin bu viza hozir yo‘qligi sababli E7 viza bilan jo‘natishini va yana kutib turishimizni aytdi.

Mana, hozirgacha kutyapmiz. Bergan pullarimizni undira olmayapmiz. Ularni undirish maqsadida Andijon shahar IIB Tergov bo‘limiga murojaat qildim. Ular menga tergov jarayonlari ketayotganini aytishdi. Shundan beri 2 hafta o‘tdi. Hech qanday natija bo‘lgani yo‘q», – deydi Azizbek Ergashev.

«Xohlagan joyingga murojaat qilishing mumkin, mendan hech qanaqa pul ola olmaysan»

«Men ham tanishlarim va internet orqali eshitib, Koreyada ishlab kelish uchun 2019 yil yanvar oyida pul topshirgani keldim. Bozor narxida 5000 AQSh dollarini MChJ rahbarining qo‘liga topshirdim. Oradan 1 yil-u 2 oy o‘tdi. Koreyaga jo‘natish haqida hech qanday yangilik bo‘lmadi. «Ana viza chiqadi, mana chiqadi», deb aldab kelishdi.

Orada MChJga kelib, pullarimizni qaytarib berishini talab qilganimda, «Xohlagan joyingga murojaat qilishing mumkin, mendan hech qanaqa pul ola olmaysan» deb aytgan. Pulimizni talab qilganimiz sari, prokuratura ham hech narsa qila olmasligini, hech kimdan qo‘rqmasligini aytib, «qo‘lingdan kelsa, qamatib yubor», deyishga o‘tdi», – deydi asakalik Dilshodbek Xudoyberdiyev.

«Qo‘shimcha pul ham so‘ray boshladi»

«Bu korxona reklamasini ko‘rgach, Koreyaga ishga borish uchun shu firmaga hujjat va pul topshirgani keldim. Oldindan 50 foiz to‘lash kerakligini aytishdi. Men tezroq jo‘natishning iloji bormi, deb so‘ragandim, MChJ rahbari buning uchun 100 foiz to‘lovni amalga oshirsangiz, 3 oy ichida Koreyaga chiqaramiz deb va'da berdi.

Tezda qarindoshlarimdan pul yig‘ib, olib keldim. O‘zimga bera qoling degan edi, men bankka to‘lashimni aytdim. To‘lagan pulim korxona hisob raqamiga tushgani haqidagi kvitansiyasini olib kelib ko‘rsatdim.

3 oy ichida chiqib ketishim kerak edi. MChJ rahbari esa qo‘shimcha hujjatlar so‘ray boshladi. Koreys tili kursida o‘qiganlik to‘g‘risida sertifikat, diplom va ish stajiga oid hujjatlarni so‘radi. Barchasini taqdim etdik. Keyin qo‘shimcha pullar so‘ray boshladi. Biz to‘liq to‘laganimizni aytganimizda, hozirda korxonaning imkoniyatlari chatoqligini, pul kerakligini va beradigan pullarimizni albatta qaytarishini aytdi.

Orada o‘sha gap, E9 viza bo‘lmasligini, E7 viza qilishini ham ta'kidladi. Bu viza esa 7000-7500 AQSh dollariga tushishini aytganida, imkoniyatimiz yo‘qligini bildirdik. Qolgan qismini Koreyaga borgach, ishlab uzishimiz mumkinligini aytdi. Yaqin orada ketishimizni ma'lum qildi. Yana qo‘shimcha ichki imtihon topshirdik. Imtihondan kimdir o‘tdi, kimdir o‘ta olmadi. Lekin o‘tganlar ham, o‘tmaganlar ham keta olishmadi.

Shundan keyin men shahar prokuraturasiga murojaat qildim. Korxona rahbari Elyor Omonov ustidan IIBda tergov ishlari olib borilayotganini aytishdi. Tergovchi bilan uchrashib, ariza yozdim. Oradan 1 oy o‘tgach, tergovchi bilan bog‘langanimda, u menga sud bo‘lishini, hammasi o‘shanda hal etilishini aytdi.

Undan keyin korxonaga keldik. Hujjatlarimizni qaytarib berishini so‘raganimizda, korxona rahbarining onasi ularning ustidan shikoyat qilganimiz uchun bizga pullarni qaytarib bermasligini bildirdi. Ayol kishi bo‘lgani uchun tortishmadik. Keyinchalik korxona o‘z faoliyatini to‘xtatganini eshitdik», – deydi Bobirjon Mamajonov.

«Bu pullarni qarzga olgandim...»

«Men ham shular qatori, farzandimning chet elda ishlashi uchun «Xususiy Bandlik Agentligi Historical Travel» korxonasiga pul topshirganman. Shu paytgacha qaytarib ololmadim. Bu pullarni qarzga olgan edim. Hozir uyimda halovat yo‘q», – deydi Muqaddasxon Mamadaliyeva. 

Murojaatchilarning aksariyat qismi hech qanday yuridik hujjatlar rasmiylashtirmay, MChJ rahbari yoki korxonaning boshqa bir mutasaddi xodimiga tilxat asosida to‘lovni amalga oshirgan.

Kimdir bu to‘lovni amalga oshirish uchun yaxshi niyatlar bilan to‘plagan jamg‘armasini, kimdir yaqinlaridan qarzga olingan pulni yoki o‘zining avtomashinasini sotishidan tushgan mablag‘ni sarflaganini aytib o‘tdi.

Ular bilan birgalikda Andijon shahar, Milliy tiklanish ko‘chasi 13-uyda joylashgan «Xususiy Bandlik Agentligi Historical Travel» MChJ ofisiga bordik. Bino peshtoqida hozir ham MChJning reklama bannerlari ilinib turibdi.

Biroq, ofisdagi Elyor Omonovning xonasi qulflangan. Boshqa xonalar tadbirkorlarga ijaraga berib yuborilibdi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, Andijon shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan «Xususiy Bandlik Agentligi Historical Travel» MChJ faoliyati bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda.

Jabrlanganlar soni – 31 nafar. Jami aniqlangan zarar esa 827 mln so‘m.

Xozirgi kunga qadar ayblanuvchilardan 35 mln so‘m naqd pul ko‘rinishida undirilgan. Qolgan qismi korxonaning depozit hisob raqamidan jabrlanuvchilarga xatlangan.

Ayni paytda MChJ rahbari Elyor Omonovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlanib, jinoyat ishining unga tegishli qismi belgilangan tartibda sudga yuborilgan.

Jinoyat ishining yana besh nafar shaxsga nisbatan qismi alohida ish yurituviga ajratib olinib, xozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatdagi barcha xususiy bandlik agentliklarini tugatish bo‘yicha prezidentga taklif kiritilishini aytgandi.

Mas'ul xodimlari ustidan jinoyat ishi ochilgan XBAlar soni 2020 yil yanvar oyi oxirigacha 5ta edi. Fevral oyida yana kamida ikkita xususiy bandlik agentligi faoliyati tergovga tortildi.

Sarvarbek Nazarov.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top