10:08 / 26.02.2020
0
11086
AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi va mavjudlarini yana bir yilga uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi vaziyat sababli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning amal qilish muddatini yana bir yilga uzaytirdi. Bundan tashqari, AQSh Rossiya, Shimoliy Koreya, Turkiya va Iroqning bir nechta kompaniyasiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. 

Foto: REUTERS

Bu haqda Oq uy matbuot xizmatida ma'lum qilindi.

Rossiyaga qarshi Ukraina bilan bog‘liq sanksiyalar Qrimdagi vaziyat sababli kiritilgan. Ta'kidlanishicha, bunday qaror qabul qilinishiga Ukrainadagi demokratik jarayonlarga putur yetkazilishi sabab qilib ko‘rsatilgan.

“Rossiya hukumatining xatti-harakatlari va siyosati AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga favqulodda va mislsiz xavf solmoqda”, deyilgan xabarda.

Ushbu sanksiyalar 2014 yilda prezident Barak Obama ma'muriyati tomonidan kiritilgan. Ilk sanksiyalar 2014 yil 6 martda kuchga kirgan. O‘shandan beri ushbu sanksiyalar amal qilishi bir yilga uzaytirilib kelinadi.

Shuningdek, AQSh Eron raketa dasturi qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liq holda 25 fevralda Rossiya, Shimoliy Koreya, Iroq va Turkiyaning bir qator kompaniyalari va jismoniy shaxslariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi.    

Ta'kidlanishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga hammasi bo‘lib 13 ta xorijiy tashkilot va jismoniy shaxs kiritilgan. Ulardan 5 tasi Xitoy va Turkiyada joylashgan.

Sanksiyalar ostiga aynan qaysi kompaniyalar yoki jismoniy shaxslar tushgani ma'lum qilinmagan.

Bayonotda ta'kidlanishicha, ushbu tashkilotlarga qarshi sanksiyalar AQShning Eronga o‘z raketa salohiyatini rivojlantirishga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan sa'y-harakatlari doirasida kiritilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top