22:32 / 26.02.2020
0
8441
Koronavirus Pokistonda aniqlandi, Eronda 39 kishi undan sog‘ayib ketdi

Pokiston bosh vazirining sog‘liqni saqlash bo‘yicha maxsus yordamchisi Zafar Mirza Sind viloyatining poytaxti Karachida koronavirusdan kasallanish bo‘yicha mamlakatdagi ilk 2 ta holat qayd etilganini ma'lum qildi.    

Foto : Zafar Mirza / Twitter

“Men Pokistonda koronavirusdan kasallanish bo‘yicha ilk 2 ta holat qayd  etilganini tasdiqlashim mumkin”, deb ma'lum qilgan Mirza.

“Ikkala bemor ham mavjud standartlar va bayonnomalarga muvofiq zarur davolashni olmoqda. Ularning ikkisining ham ahvoli barqaror. Vahima qilishga asos yo‘q, vaziyat nazorat ostida”, deb ta'kidlab o‘tgan Mirza.

Koronavirusga chalingan birinchi kishi Erondan kelgan 22 yoshli yigit bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, yigit va uning oilasi a'zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgandan keyin karantinga joylashtirilgan. Ayni vaqtda u bilan birga samolyotda kelgan barcha odamlardan tahlillar olinmoqda.

Bu orada Eronda koronavirusga chalingan 39 kishi sog‘ayib ketgan. Bu haqda Fars axborot agentligi xabar berdi. 

Sog‘ayish holatlari mamlakatning turli yerlarida, jumladan Eronda virus tarqalishi o‘chog‘i bo‘lgan Qum shahrida qayd qilingan. Sog‘ayib ketganlardan 30 nafari Qumga to‘g‘ri kelmoqda.

Eron vitse-prezidenti Ishoq Jahongiriy mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash olib borayotgan barchaga minnatdorlik bildirgan. Uning ta'kidlashicha, ayni vaqtda koronavirus Erondagi birinchi navbatdagi muammoga aylangan. 

Ayni vaqtda Eronda kasallanganlar soni 139 nafarni tashkil qilmoqda, jumladan 19 kishi undan vafot etgan.   

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top