19:59 / 26.02.2020
7
9116
«Ayrim ota-onalar yetimlarga beriladigan imtiyozga ko‘z tikib bolalarini mehribonlik uylariga topshirishgan» – Dilshod Kenjayev

Bugungi kunda O‘zbekistondagi mehribonlik uylarida 2369 nafar bola tarbiyalanmoqda va ularning 14 foizigina chin yetim xolos, qolganlarining ota-onasi bor.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilishicha, ayrim ota-onalar bolalarini mehribonlik uylariga berish orqali o‘zlarining muammolarini hal etishga urinmoqda.

«Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 338 nafari, ya'ni 14 foizi chin yetim, ularning na otasi va na onasi bor. Sud qarori bilan ota-onalik huquqidan mahrum qilinganlarning farzandlari 811 nafar (34 foiz), otasi yoki onasi hayot bo‘lganlarning farzandlari 569 nafar (24 foiz), kam ta'minlangan oilalarning farzandlari 420 nafar (18 foiz) tashkil etadi.

Bundan tashqari, mehribonlik uylarida tarbiyalanayotganlarning 98 nafari nogironligi bor shaxslarning farzandlari, 133 nafari ozodlikdan mahrum etilganlarning farzandlaridir», deya Dilshod Kenjayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari ayrim ota-onalar bolalarini mehribonlik uylariga berish orqali o‘zlarining muammolarini hal etishga urinayotganiga e'tibor qaratdi.

«Hamma narsasi bor bo‘la turib, farzandini mehribonlik uylariga berib yuborganlar ham bor. Masalan, Samarqand viloyatining birgina Past Darg‘om tumanida kam ta'minlangan oilalarning 34 nafar bolasi mehribonlik uyiga topshirilgan. Bu – respublika bo‘yicha bitta tuman miqyosidagi eng katta ko‘rsatkich.

Kam ta'minlangan oila farzandlari aslida bir yilga joylashtiriladi, lekin amalda ular yillar davomida qolib ketishmoqda. Shu sababli, bunday oilalarning farzandlarini, shuningdek, otasi yoki onasi hayot bo‘lgan yetimlarni oilasi bag‘riga qaytarish chorasini ko‘rishimiz kerak. Chunki ota-onasi tirik bo‘la turib, ularning farzandi mehribonlik uyida yurishi xalqimiz uchun uyatli holat hisoblanadi», deydi u.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Dilshod Kenjayev mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga ota-ona mehridan boshqa hech narsa kerakmasligi, biroq o‘zlari hayot bo‘lib, farzandini mehribonlik uyiga topshirganlarning asosiy ilinji davlat tomonidan yetimlarga beriladigan imtiyozlarga «ilinish» ekani, lekin amaldagi qonunlarga ko‘ra faqat chin yetimlargina ushbu imtiyozlardan foydalanishi mumkinligi, otasi yoki onasi yoxud har ikkisi tirik bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga mazkur imtiyozlar tatbiq etilmasligini aytib o‘tdi.

«Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan, har qancha yaxshi sharoitda yashayotgan bolalarning o‘ziga qo‘yib berilsa, yegani oldida, yemagani ketida bo‘lsa ham baribir uyimga, ota-onamga ketaman deydi. Chunki oiladagi muhitni, ota-onaning mehrini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi.

Ota-onalar yetimlarga davlat tomonidan beriladigan imtiyozdan foydalanish maqsadida farzandlarini mehribonlik uylariga topshirayotgan holatlarga ham tez-tez duch kelyapmiz. Ko‘p jihatdan ota-onasi tirik yetimlarga hech qanday imtiyoz berilmasligini bilmagani uchun ham bolasini mehribonlik uylariga topshirishayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Jizzaxdagi mehribonlik uyida 17 nafar tarbiyalanuvchi qizlar bilan gaplashganimda 4 nafari chin yetim, qolganlarining yo otasi, yo onasi, yo har ikkisi hayot ekani ma'lum bo‘ldi.

Masalan, 10-sinfda o‘qiyotgan qiz «Meni mehribonlik uyidan chiqarib yubormay turinglar, bitirganimdan keyin imtiyoz olaman, ota-onam shu yerda yashab tur deyapti», deb aytdi. Bir ota-ona farzandini mehribonlik uyi qabul qilmayotganidan shikoyat qilib keldi. «Biz Rossiyaga ishlashga ketyapmiz, ungacha bolamiz mehribonlik uyida bo‘lib turadi, bitirgandan keyin unga uy-joy beriladi, shundan keyin deyarli hamma muammomiz hal bo‘ladi», deb aytyapti. Ayrim ota-onalar qanchalikka borishayotganini ko‘ryapsizlarmi?», deydi vazir o‘rinbosari.

U hokimlar qaror chiqarayotganda ota-ona o‘zlari tirik bo‘la turib, bolasini mehribonlik uyiga berayotganiga e'tibor qaratishi, oilaning muammosini aniqlashi, ya'ni ular chindan ham bolasini boqa olmayotgani uchun yoki yetimlarga beriladigan imtiyozdan foydalanish maqsadida bu ishga qo‘l urayotganiga oydinlik kiritishi kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top