23:41 / 26.02.2020
6
35280
O‘zbekistonda qancha yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi

Bosh prokuratura hokimliklar zaxirasidagi qishloq xo‘jaligi yerlarining holati, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish va ularda noqonuniy qurilgan uy-joy, bino, inshoot va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini buzish bilan bog‘liq amaliyotni tahlil qildi.

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani «Xalqobod» mahallasi

Idora axborot xizmati tahlil natijalari haqida Kun.uz`ga ma'lumot berdi.

Aniqlanishicha:

– 3 884 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallangan (22 789 ta holat);
– 6 024 gektar maydonda noqonuniy qurilishlar amalga oshirilgan (52 292 ta holat);
– 9 741 gektar maydondan samarasiz foydalanilgan (477 ta holat);
– 1 418 gektar maydondan maqsadsiz foydalanilgan (591 ta holat).

Birgina Toshkent viloyatida 11 590 ta holatda 1 450 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan, 9 713 ta holatda 855 gektar yerda noqonuniy qurilish qilingan.

Bosh prokuratura bu yo‘nalishda huquqni qo‘llash amaliyotida aniqlangan muammolar va qonunbuzilish holatlarini barataraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

«Qonun loyihasiga muvofiq, mamlakat iqtisodiyotining tayanchi bo‘lgan yer resurslarini talon-taroj qilish holatlarining oldini olish maqsadida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qaytarish va bunday yerlarda noqonuniy qurilgan uy-joy va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini buzishga oid ishlarni sudda ko‘rib chiqish tartiblari soddalashtirilmoqda.

Zotan, qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan amaldagi tartib yerdan foydalanishdagi qonunbuzarliklarga ma'lum ma'noda imkon yaratmoqda», – deyiladi mahkama xabarida.

Loyihada Yer kodeksining 91-moddasiga hamda Fuqarolik protsessual kodeksining «Sud buyrug‘i» deb nomlangan 18-bobiga qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarni yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy, bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk obektlarini buzish to‘g‘risidagi masalalar sud buyrug‘i tartibida ko‘rib chiqiladi.

Bu boradagi amaldagi tartibga muvofiq esa, bitta noqonuniy qurilmani buzdirish haqidagi hal qiluv qarori Majburiy ijro byurosiga kelib tushishi uchun o‘rtacha 80 kun muddat talab etiladi.

«Bu esa, noqonuniy qurilish u boshlangan vaqtda aniqlangan taqdirda ham davom etishiga sharoit yaratmoqda, kelgusida uni qonuniy asoslarda buzish jarayonida mulkdor hamda vakolatli organlar o‘rtasida tushunmovchilik va ziddiyatni yuzaga keltirmoqda», – deb ta'kidlangan Bosh prokuratura bildirishida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top