00:29 / 26.02.2020
0
34389

Sobiq ittifoqning oxirgi marshali va mudofaa vaziri vafot etdi

Sobiq ittifoqning oxirgi marshali va mudofaa vaziri Dmitriy Yazov 96 yoshida vafot etdi. U Afg‘onistondagi urush boshlangan kezlarda O‘rta Osiyo harbiy okrugiga qo‘mondonlik qilgan.

Foto: TASS

Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligi xabar berdi. Yazov Moskvada uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan vafot etgan. 

Yazov sobiq ittifoq marshali unvoni berilgan oxirgi harbiy qo‘mondon hisoblanadi. Unga marshal unvoni 1990 yilda berilgan. Bundan tashqari, u sobiq ittifoqning oxirgi mudofaa vaziri bo‘lgan va bu lavozimni 1987 yildan 1991 yilgacha egallagan. Yazov, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi faxriysi bo‘lgan.

Yazov 1956 yilda Frunze nomidagi harbiy akademiyani tamomlagan. 1962 yilda Karib inqirozi vaqtida uning polki AQSh armiyasining hujumini qaytarish uchun Kubada joylashtirilgan. Yazov 1980 yildan 1984 yilgacha, Afg‘onistondagi urush boshlanishi vaqtida O‘rta Osiyo harbiy okrugi qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan. 1984 yilda Uzoq Sharq harbiy okrugiga boshliq etib tayinlangan. 

1987 yilda general unvonida sobiq ittifoq mudofaa vaziri bo‘lgan. 1990 yilda  Mixail Gorbachyov unga marshal unvonini bergan. Yazov 1991 yilda sobiq ittifoqning parchalanishiga olib kelgan voqealar vaqtida GKChP (Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi) tomonda bo‘lgan. Aynan uning buyrug‘i bilan Moskvaga tanklar kiritilgan. Shundan keyin u iste'foga chiqarilib, hibsga olingan. U 1993 yilda GKChPning boshqa a'zolari bilan birga ozodlikka chiqarilib, 1994 yilda afv etilgan.   

Yazov iste'foga chiqqandan keyin Rossiya mudofaa vazirligida maslahatchi va bosh nozir bo‘lgan. 2020 yil 4 fevralda u Rossiyaning 3-darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top