22:55 / 26.02.2020
0
2176
So‘nggi 5 yilda 8 foiz mehribonlik uyi bitiruvchisi OTMga o‘qishga kirdi

2015-2019 yillarda O‘zbekistondagi mehribonlik uylari va bolalar shaharchalarida jami 1112 nafar bitiruvchi o‘qishni tamomlagan.

Shulardan:

– 40 foizi uy-joy bilan ta'minlangan (449 nafar);
– 43 foizi ish bilan ta'minlangan (481 nafar);
– 8 foizi OTMga o‘qishga kirgan (86 nafar);
– 5 foizi ishlash uchun xorijga ketgan (51 nafar);
– 4 foizi bola tarbiyasi bilan band (45 nafar).

Bu haqda 26 fevral kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bitiruvchilarning oliy ta'limga qamrab olinishidagi 8 foizlik ko‘rsatkichga izoh berdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«To‘g‘ri, bu juda kam ko‘rsatkich, biroq bir narsani inobatga olish kerak: O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha to‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalargagina OTMga o‘qishga kirishda imtiyoz beriladi.

To‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalar toifasiga mehribonlik uylarida yashab ta'lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan, deb e'lon qilingan bolalar kiradi.

Bir narsani unutmasligimiz kerak: mehribonlik uylari yoki Bolalar shaharchalarida asosiy e'tibor bolalarni mustaqil hayotga tayyorlaydigan, ularga kasb o‘rgatishga qaratiladi. Ularning o‘zlari ham tezroq hunar o‘rganib, hayotda o‘rnini topishni istaydi.

Bu bilan o‘zimizni oqlamoqchi emasmiz, lekin oliy ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi kamligining shu kabi sabablari ham bor», dedi Dilshod Kenjayev.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

XTV Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Ahmedovning aytishicha, 2015–2019-yillarda OTMlarga o‘qishga kirgan 86 nafar tarbiyalanuvchi – imtiyozga ega bitiruvchilarning 70-80 foizini tashkil etadi.

Bugungi kunda mehribonlik uylarida 300-340 nafar chin yetimlar tarbiyalanmoqda. Respublika tashxis markazi direktori Liliya Baynutdinova ularning hammasi ham yuqori intellekt sohibi emasligini qayd etdi.

«Ularda ruhiy-ijtimoiy jarohatlar bor, mehribonlik uylarida psixologlar ana shu jarohatlaridan forig‘ bo‘lishlari uchun ko‘maklashishadi, ularning jamiyatga moslashishiga yordam berishadi.

Shu sababli ham prezident qarori bilan har bir mehribonlik uyiga tarbiyalanuvchilar sonidan qat'i nazar 1 tadan psixolog shtat birligi ajratildi. 200 nafardan ortiq tarbiyalanuvchilari bo‘lsa, 2 ta psixolog shtat birligi ajratilishi belgilandi.

Tarbiyalanishga topshirilayotgan bolalar turli sharoitlarda ulg‘ayishgan, kimdir yaxshi o‘qiydi, kimningdir o‘qishga ishtiyoqi yo‘q. Biz ular ertaga voyaga yetganda qiynalmasliklari, o‘zlarini o‘zlari boqa olishlarini xohlaymiz», deydi Liliya Baynutdinova.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top