16:30 / 26.02.2020
0
22984

«Straus House» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan sud ishi boshlanmoqda

2020 yil 27 fevral kuni soat 10:30da jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi binosida sudlanuvchilar - «Straus House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov, «Straus House» MChJ direktorii A.Maxmutaliyev, «Straus House» MChJ direktori o‘rinbosari D. Qutpiddinov va «Straus House» MChJ bosh hisobchisi O.Saidovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berishicha, mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi O.Ilhomjonov raisligida ko‘rib chiqiladi.

Sudlanuvchi I.Isroilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismining «b» bandi, 168-moddasi 4-qismining «v» bandi, 168-moddasi 4-qismining «a», «v» bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash)ning 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish)ning 1-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismining «a» bandi va 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining «a» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Sudlanuvchilar A.Maxmutaliyev, D.Qutpiddinov va O.Saidovga nisbatan ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanuvchi tariqasida jinoyat ishida ishtirok etishga jalb qilingan va ularga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha 300dan ortiq jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogarlar mavjud.

Ayblov xulosasi bo‘yicha moddiy zarar miqdori 7,9 milliard so‘mdan ortiq (7 906 800 200) bo‘lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 1,8 milliard so‘mdan ortiq (1 845 800 000) miqdorini bartaraf etish chorasi ko‘rilgan.

Dastlabki tergovda xatlangan mol-mulk - 4ta «Lasseti», «Spark» va «Malibu» rusumli avtomashinalar baholangan hamda Yunusobod tumani Kulolqo‘rg‘on ko‘chasida joylashgan xonadonga taqiq qo‘yilgan.

«Jabrlanuvchilar ko‘pligi va turli hududlardan bo‘lgani bois, ularni sud majlislarida ishtirok etishi yashash joylaridagi sudlar binolarida o‘rnatilgan videokonferensaloqa tizimi orqali ta'minlanadi», deyiladi Oliy sud matbuot xizmati axborotida.

«Straus House» MChJ mansabdor shaxslari 2019 yil sentabr oyida qo‘lga olingan edi. Ular o‘tgan yilning yanvar-aprel oylari davomida 90 kun muddat ichida Janubiy Afrika Respublikasidan «Ostrich» zotli tuyaqush (straus) jo‘jasini yetkazib berish yuzasidan shartnomalar rasmiylashtirish orqali fuqarolarning ishonchiga kirib, respublikaning turli viloyatlarida yashovchi 300dan ortiq fuqarodan juda ko‘p miqdorda pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumon qilingan.

2020 yil yanvar oyi boshida «Straus House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari o‘z nihoyasiga yetgani haqida xabar berilgandi.

25 fevral kuni «Straus House» jabrlanuvchilari hukumatdan yordam so‘rab Vazirlar Mahkamasi oldida to‘plandi, ular tergov tugaganiga qaramay, sud boshlanmayotganidan norozilik bildirishdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top