09:25 / 26.02.2020
0
6754
TIV xorijda bo‘lgan yoki chetga chiqishni rejalashtirayotgan fuqarolarni koronavirus bo‘yicha ogohlantirdi

Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan yoki chet el davlatlariga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi

Foto: Eugene Hoshiko / AP/TASS

O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari va konsullik muassasalari bergan ma'lumotga ko‘ra, so‘nggi kunlarda dunyoning qator davlatlarida COVID-19 koronavirusining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning og‘irlashgani kuzatilmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi bilan bir qatorda Koreya Respublikasi, Yaponiya, Eron, Italiya va ba'zi boshqa davlatlarda bemorlar soni ortmoqda.

“Xizmat, turizm va boshqa maqsadlarda xorijga chiqishni rejalashtirayotgan hamyurtlarimiz safardan oldin sog‘liklari uchun tahdidlarni diqqat bilan o‘ylab ko‘rishlari, mamlakatdagi epidemiologik holatni o‘rganishlari va safar chog‘ida shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilishlari, jamoaviy tadbirlarda ishtirok etishdan tiyilishlari, odamlar to‘planadigan joylarda barcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari zarur”, - deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, TIV xorijda, jumladan koronavirus bilan og‘rigan bemorlar aniqlangan davlatlar hududida bo‘lib turgan mamlakat fuqarolariga zarur holatlarda O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top