09:08 / 27.02.2020
0
3314
Angry Birds muallifi Toshkentda master-klass o‘tdi

«Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q, faqatgina o‘qish, o‘rganish kerak. Shunda barcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi». Dunyoga mashhur Angry Birds o‘yini muallifi Piter Vesterbak o‘z muvaffaqiyatini shunday izohladi.

Foto: IT park Uzbekistan

Dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ziyod nusxada sotilgan mashhur Angry Birds (Jahldor qushlar) o‘yini muallifi Piter Vesterbak 26 fevral kuni Toshkentdagi Inha universitetida yoshlar uchun mahorat darsi o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Piter Vesterbak o‘yinlar ishlab chiqaruvchi Rovio kompaniyasining (Finlyandiya) marketing bo‘yicha direktori, Angry Birds o‘yini mualliflaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, u HP Mobile E-services Bazaar asoschisi; Mobile Monday, Edunation, Fun Academy, Lightneer, FinEst Bay Area va Slush kompaniyalarining hammuassisi hamdir.

Vesterbak TIME jurnali e'tirofiga ko‘ra, 2011 yilda «Sayyoraning eng obro‘li 100 odami» reytingiga kiritilgan, 2015 yilda shu reytingning eng yuqori o‘ntaligidan joy olgan. U 2018 yilda Shanxayning Tunszi universitetida innovatsiyalar va tadbirkorlik bo‘yicha professor unvonini olgan.

Yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida Vesterbak o‘z sohasida erishgan tajribalari bilan bo‘lishdi.

«Agar siz bir sohada juda katta muvaffaqiyatga erishsangiz, bu borada hamma narsani bilaman, degan tushuncha paydo bo‘la boshlaydi. Mana shu nuqtada to‘xtab qolish kerak emas, ilgariga harakat qilishda davom etish kerak», deydi u.

Mutaxassis olamshumul yangilik yaratish aksariyat o‘ylaganidek imkonsiz narsa emasligini ta'kidladi.

«Imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q, faqatgina o‘qish, o‘rganish kerak. Shunda barcha imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Rovio 2003 yilda tashkil etilgan bo‘lsa, 2008 yilgacha 51ta o‘yin ishlab chiqardi. Dunyoga mashhur bo‘lgan Angry Birds 52-o‘yin sifatida 2009 yilda yaratildi. Bu o‘yin haqida ham qachondir hech kim o‘ylamagan. Lekin u paydo bo‘ldi va hammaga manzur keldi. Siz ham kelajakda bugun hech kim xayoliga keltirmagan narsani yaratib, muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Faqatgina o‘z imkoniyatingizga shubha bilan qaramang», deydi Vesterbak.

Angry Birds muallifi o‘z tajribasidan kelib chiqib, muvaffaqiyat kalitlari haqida gapirib berdi.

«Mening kichik qoidalarimdan biri: shunchaki o‘ylama, chuqur o‘yla (Don’t think, do think).

Bu – shunchaki mexanik o‘ylashdan ko‘ra yuqoriroq holat. Masalaning chuqur mohiyatiga kirib tahlil qilish kerak. Shunda o‘zingiz izlayotgan uchqunni topa olasiz.

Va eng muhimi, nima yaratishingizdan qat'i nazar, shunchaki brendning ortidan quvmang. Mahsulotning mohiyatiga, originalligiga diqqat qarating», dedi yoshlarga qarata Vesterbak.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top