17:53 / 27.02.2020
1
12322
«Asossiz viqor». «MYu» va Bruno Fernandesh haqida

Bruno Fernandesh 19 yoshda «Udineze»ga borganida, uni jamoa faxriysi Antonio Di Natale o‘z qanoti ostiga olgandi.

Portugaliyalik futbolchi o‘z vaqtida Di Natale unga tom ma'nodagi ustoz bo‘lganini tan oladi – u zarba berish texnikasi, tana muvozanatini boshqarish, bo‘sh zonalarga ochilishni aynan italiyalik hujumchidan o‘rgangan ekan. Albatta, Brunoning o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ham ta'kidlash kerak, masalan uning Italiyadagi birinchi klubi «Novara» murabbiyi Kristiano Jaretta aytadi: «Uning xonasiga kirganimda, detektiv izquvarning ofisiga kirib qolgandek bo‘ldim. Butun xona stikerlar bilan to‘lib ketgandi. Keyin e'tibor berdim, stolda Tavolo, kresloda Sedia, muzlatgichda esa, Frigo yozuvi yopishtirilgandi. Oradan bir oy o‘tmasdan, u italyan tilini a'lo darajada o‘zlashtirib bo‘lgandi.

Foto: Manchester United

Bruno Fernandesh - so‘nggi ikki yilda Portugaliyaning eng yaxshi futbolchisi. «Sporting»dagi so‘nggi ikki yarim yarim mavsumda 82 o‘yinda maydonga tushib, 39 gol urgan va 28ta golli uzatmani amalga oshirgan. Yarimhimoyachi uchun juda ajoyib ko‘rsatkich. Ayniqsa, «Manchester Yunayted» yarimhimoyachilari statistikasiga e'tibor bersak, Fernandeshning jamoaga naqadar yetishmayotgan murvat ekani yaqqol bilinadi: Fred (33 o‘yin, 1 gol, 1 assist), Matich (72 o‘yin, 2 gol, 1 assist), Perreyra (38 o‘yin, 2 gol, 4 assist), Lingard (so‘nggi 47 o‘yinda 4 gol va 2 assist).

Haqiqatan ham Bruno Fernandesh «Manchester Yunayted»ga yetishmayotgan toifadagi futbolchi edi, uning jamoaga juda tez moslashgani va foyda keltira boshlagani shu bilan ochiqlanadi. Albatta, Bruno atrofida bo‘layotgan maqtovlar uchun u qadar loyiq bo‘lib ulgurmagandir, klub ushbu futbolchini haddan ziyod piar qilib yuborayotgandek tuyular balki, ammo aynan shu transfer va uning oqibati «Manchester Yunayted»dagi bir yangi xususiyatni ochib beradi. Ole Gunnar Sulsherning bir yildan ortiqroq vaqt mobaynida amalga oshirgan ishlari, klubning o‘zi uchun yangi yo‘l tanlagani haqidagi fikrlar aynan Brunoning transferi yordamida isbotlanadi. Qanday qilib?

Har qancha osmonga ko‘tarilgani bilan, fakt shuki, Bruno Fernandesh Mbappe kabi bo‘lajak «Oltin to‘p» sohibi yoki Neymar kabi superyulduz emas. U 25 yoshga kirib ulgurdi, ya'ni, butun Yevropa foydali aktiv sifatida e'tibor qaratayotgan top-futbolchi emasdi. Yuqorida eslab o‘tilgan natijalar ham kuchli beshlikdan tashqarida, Portugaliya ligasida ro‘y bergan. U A Seriyada o‘zini sinab ko‘rgan, «Novara», «Udineze» va «Sampdoriya»da o‘ynagan, lekin hech qachon yorqin porlamagandi.

Hamma gap shunda – Bruno Fernandesh hali kuchli beshlikda o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchi, «Sporting» sardori «Old Trafford»da yulduz sifatida qabul qilinganidir. Ya'ni, futbolchilar unga mana shu maqomni berishdan chekinishmadi, Brunodagi qobiliyatni munosib baholashmoqda va kerak bo‘lganda, uning ortidan yurishga ham tayyor ekanliklarini ko‘rsata olishyapti. E'tibor bersangiz, Bruno o‘yin tempini nazorat qilyapti, sheriklariga ishora bilan yoki og‘zaki ko‘rsatmalar beryapti, penalti tepyapti hatto. «Manchester Yunayted»da! Struktura, qamrovi va kattaligi bo‘yicha faqat «Real» va «Barselona» teng kela oladigan klubda! Tasavvur qilyapsizmi?

Foto: United Tweets

Bir paytlar, David Moyyes «Everton»dan kelib, Fergyusonning o‘rnini egallagach, futbolchilarga qanday himoyalanish kerakligini o‘rgatmoqchi bo‘ladi va sobiq jamoasi sardori Fil Jagelka o‘yinlaridan videotasvirlarni qo‘yib beradi. «Dars»da Rio Ferdinand, Patris Evra va Nemanya Vidich ham o‘tirgan edi. Rio ensasi qotganini yashirmaydi.

- Boss, hammasi yaxshi-yu, bu Fil Jagelka faoliyatida nechta sovrin yutgan o‘zi? – deb so‘raydi o‘zini bosa olmay.

So‘nggi besh yilda to‘rt marta APL chempioni bo‘lib, uch marta Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan Rio Ferdinand va uning sheriklari uchun Moyyesning bu darsi kamida g‘alati ko‘ringani tabiiy edi. O‘shanda klubning buyukligi maydondagi natijalar bilan ham hamohang ediki, bu futbolchilarda, jamoaga yaqin bo‘lgan hammada o‘ziga yarasha viqorni paydo qilardi.

Muammo shundaki, natijalar yomonlashdi, pullar, klub strukturasi va e'tibor nuqtayi nazaridan klub buyukligicha qolavergani sabab, viqor «Old Trafford»ni tark etmadi. Va zarar keltira boshladi.

Kim va qanday o‘ynashidan qat'i nazar, «Manchester Yunayted» bilan shartnoma tuzgan futbolchida mana shu – «asossiz viqor» paydo bo‘lar, Manchesterga kelgan futbolchi o‘zini dunyoning eng yaxshi jamoasiga kelib, orzusiga yetgan deb hisoblardi. Maoshlar, muxlislar e'tibori, munosabat ham shunga mos edi. Saviya yetadimi, hali nimaga erishildi yoki erishilmadi, farqi yo‘q, «MYu futbolchisi» degan quruq ta'rifning o‘zi futbolning cho‘qqisidek tuyulardi. Lyuk Shou, Antoni Marsiyal, Morgan Shnayderlin, Genrix Mxitaryan va boshqa futbolchilar Manchesterga kelguncha, juda uzoq yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lsalar-da, endi top-klubga monand o‘sishda davom etish o‘rniga o‘zlarini to‘laqonli yulduz sifatida his qila boshlashdi. Axir «MYu» futbolchisi bo‘lishning o‘zi yetarli, maosh, munosabat, muxlislar e'tiborining o‘zi ham seni yulduzga aylantiradi.

Shuning uchun ham, yulduzli transfer deganda, faqat Di Mariya, Pogba, Sanches, Ibrahimovich kabi xaridlar tushunilar, mana shunday top-yulduzlar bilangina Karringtonni qoyil qoldirish mumkin edi, xolos.

Sulsherning «Manchester Yunayted»dagi eng katta ishi shuki, uning klub haqidagi xotiralari, fikrlari ba'zida balandparvoz, foydasiz gaplardek tuyular, ammo jamoa muhitiga mana shu buyuklikni singdira olayotgani. «MYu»ning buyukligi uning a'zosi bo‘lish barcha orzularning manzili emas, har kuni bunga loyiqlikni isbotlash talab qiladigan tushuncha ekanini tushuntira oldi.

Shu tarafdan aynan Brunoning transferi ko‘rgazmali bo‘ldi. Maguayr ham qisqa vaqtda yetakchiga aylangan bo‘lsa-da, u Angliya terma jamoasi sardorlaridan biri va eng qimmatbaho himoyachi sifatida yuqori statusda kelgani ma'lum edi.

Endi hozirgi «Manchester Yunayted»ga qarang. Ha, natijalar havas qilgudek emas. Lekin endi maydonda viqorni, kibrni ko‘rmaysiz, tartib va mehnatkashlik e'tiboringizga tushadi. Har qanday holatda ham futbolchilar bor imkoniyatni ishga solayotganiga guvohi bo‘lasiz. Futbolchilar jamoa shaklida yanada yaxshiroq bo‘lishni shu qadar istashyaptiki, bemalol, «Sporting» o‘yinchisini superyulduz sifatida qabul qila oldilar, unga shu statusni bemalol topshirib qo‘yishdi.

Yaltirab turgan har qanday futbolchiga qiziqish bildirib, boshqalardan ko‘proq maosh taklif qilishiga o‘rganib qolganimiz «Manchester Yunayted» yo‘q endi. Erling Holandni xotirjam o‘tkazib yuborgani, Sancho yoki Meddison borasidagi xotirjamlik sababi ham shundan. «Keladigan futbolchilardan mahoratdan tashqari, kuchli xohish va yana alohida sifatlarni ham qidiramiz», – deganda Sulsher to‘g‘ri gapirgani namoyon bo‘layotgandek.

Yangi mavsumda klub maoshlar bo‘yicha 2-o‘ringa tushib bo‘ldi va uchinchi o‘rindagi «Liverpul» bilan farq u qadar katta emas. Agar Sanches, Pogba, Matich va balki De Xea bilan xayrlashilsa, maoshlar borasida ham ancha adekvat miqdorga yaqinlashiladi.  Kelayotgan futbolchilarga bo‘lgan talablar pasayishi, Neymar emas, Brunoning Neymardek kutib olinishi klubni kichik qilib qo‘ymasligini tushunib yetishdi.

Foto: Manchester United

Klub hali ham buyuk. Dunyo futbolida faqat «Barselona» va «Real»gina «Yunayted» bilan teng tilga olinishga loyiq, xolos. Bu o‘zgarmadi. Lekin endi maydonda buni ko‘rmaysiz – u yerda buyuk klubning bir parchasi bo‘la olishini isbotlash o‘tida yonayotgan o‘n bir nafar oddiy futbolchini ko‘rasiz.

Ular shu qadar oddiylarki, hatto «Sporting»dan kelgan Bruno Fernandesh ham superyulduzga aylanib qolaveradi.    

Qahramon Aslanov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top