20:25 / 27.02.2020
7
15689
«Dabdabali to‘yni yashirib bo‘lmaydi» - Vazir o‘rinbosari yangi qonun korrupsiya holatlarini istisno qilishi haqida

Adliya vaziri o‘rinbosari Rahim Hakimov to‘y, oilaviy tantana, ma'rakalar ixcham o‘tkazilishi maqsadida tayyorlangan qonun korrupsiya holatlarining ortishiga olib kelmasligini ma'lum qildi.

Bugun, 27 fevral kuni Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita a'zolari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdi.

Muhokamalar davomida jurnalistlar qo‘mita a'zolari, vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlarga Qonunchilik palatasi Kengashining va Senat Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan «To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi»ga asosan tayyorlangan qonun bo‘yicha savollar bilan murojaat qilishdi. 

Adliya vaziri o‘rinbosari Rahim Hakimov to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarning ixcham o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga asosan tayyorlangan qonun korrupsiya holatlari ortishiga olib kelishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

«Bu masalada ko‘p o‘rganishlar amalga oshirilgan. Korrupsiya ehtimoli juda kam. Chunki Nizomni o‘qigan bo‘lsangiz, bu yerda shunday talablar qo‘yilganki, o‘zini-o‘zi boshqarish organlarini ham to‘yxona, ham to‘y o‘tkazuvchi oldindan xabardor qilishi kerak. Mexanizmlar shunday yaxshi yozilganki, bu yerda [korrupsiya] ehtimoli juda kam.

Chunki [to‘y] butun jamoat ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Qolaversa, odatda dabdabali, ko‘p isrofgarchilikka olib keladigan to‘ylar jamoatchilik orasida shov-shuv bo‘lib ketadi. Buni yashirishning iloji yo‘q. Bu kichkina narsa emas. Bu kichik sex emaski, inspektori borib, uni yopib kelsa. Qolaversa, bularning isboti to‘y o‘tkazuvchining qo‘lida bo‘ladi. Hozir kamerasiz to‘y o‘tkazilmaydi. Agar dabdabali qilgan bo‘lsa, tezda hammayoqqa tarqalib ketadi», deya Rahim Hakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U shuningdek, qonunda mehmonxona, parklar, Registon maydonida ham to‘y marosimlari o‘tkazilishi holatlari ko‘zda tutilmaganini ham izohladi.

«Qonunda mehmonxona, parklar yo‘qligining sababi – bularning hammasida restoran bor. Restoran mehmonxona, parkka qarashli bo‘ladi. Restoransiz to‘y bo‘lmaydi. Mehmonxonaning o‘zida oziq-ovqat bo‘lmasa, hech qanday to‘y o‘tkazib bo‘lmaydi. Shuning uchun bu yerda hech qanday ikkilanish bo‘lishi mumkin emas. Qaysi mehmonxonaga borsangiz ham javobgarlik bo‘ladi. Chunki bu xizmatlar [uning] restorani orqali ko‘rsatiladi», dedi vazir o‘rinbosari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top