14:20 / 27.02.2020
0
4666
Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona qiymatini aniqlashdagi yana bir qonunbuzarlikni fosh etdi

5 mlrd so‘mdan ortiq undirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha bojxona to‘lovlari aniqlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi raisining qarori bilan tuzilgan bojxona mutaxassislaridan iborat tahlil guruhi tomonidan “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari o‘rganilib, bojxona qiymatidagi “o‘yinlar” fosh etilayotganligi haqida ma'lumot berilgan edi.

Import qilingan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Hisoblanadigan bojxona to‘lovlari miqdori aynan ana shu qiymatga bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida tovarning bojxona qiymatini aniqlashning xalqaro umume'tirof etilgan usullarini qo‘llash tartiblari va shartlari belgilab qo‘yilgan.

Biroq, ayrim uddaburon shaxslar tomonidan belgilangan tartibni buzib, Davlat budjetiga bojxona to‘lovlarini kamroq to‘lash ilinjida tovarlarni bojxona qiymatini aniqlashda turli xil “o‘yinlarga” qo‘l urmoqdalar.

Bu gal “Ros Standart Invest” MChJ nomiga 2019 yil davomida Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingan hamda “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan “Acer” “Asus”, “HP”, “Lenovo” markali noutbuklar va “LG” markali televizorlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda ataylab past narxlangan xulosalarga tayanilib, qiymatlarni chegirib tashlash usulida bojxona to‘lovlari hisoblangan. Natijada jami 5 mlrd so‘mdan ortiq undirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha bojxona to‘lovlari aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top