19:06 / 27.02.2020
5
54643
Dehlidagi qirg‘in. Diniy nizo tufayli kelib chiqqan to‘qnashuvlarda o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida fuqarolik bo‘yicha yangi qonun tufayli sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 27 kishiga yetdi. Poytaxtning musulmonlar yashaydigan qismida uch kecha davom etgan tartibsizliklar oqibatida yuzlab kishilar jarohatlangan. So‘nggi kunda to‘qnashuvlar tingan, ammo vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda.

Foto: AFP

Hukumat tartibsizliklar qamrab olgan hududlarga politsiyachilarni va harbiylarni jo‘natgan. Bunday vaziyat mamlakat poytaxtida so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmagandi.

Bosh vazirning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Doval shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Nyu-Dehli shimoli-sharqidagi politsiya boshlig‘ining idorasiga tashrif buyurgan.

To‘qnashuvlar 24 fevral, yakshanba kuni boshlangan. Katta ehtimol bilan, bunga Hindistonda hukumatdagi partiya bo‘lmish induistlarning milliy partiyasi - «Bxarat Janata Parti» yetakchilaridan biri Kapila Mishraning chorlovlari sabab bo‘lgan.

Mishra o‘z tarafdorlari ishtirokidagi mitingda ularni asosan musulmonlar yashaydigan Nyu-Dehlidagi tumanlardan biriga yig‘ilishga da'vat etgan, u bu orqali ushbu hududda fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan tuzatishlarga qarshi namoyishga to‘sqinlik qilishni ko‘zlagan.

Ayrim tumanlar osmonini quyuq tutun qopladi / GETTY IMAGES

Hindiston parlamenti o‘tgan haftada Pokiston, Afg‘oniston va Bangladeshdan kelgan qochqinlarga fuqarolik berishni soddalashtirish bo‘yicha taklif berdi - ammo bir shart bilan, ular musulmon bo‘lmasliklari kerak. Shu bilan bir vaqtda, ko‘plab shtatlarda mahalliy musulmonlar Hindiston fuqarosi ekanini isbotlashi kerak bo‘ladi. Agar ular kerakli dalillar keltira olishmasa, ularni deportatsiya kutadi.

Ushbu qonun loyihasi hindistonlik musulmonlarni g‘azablantirdi. Ularning fikricha, so‘nggi tuzatishlar konstitutsiyaga zid, chunki rasman dunyoviy hisoblangan mamlakatda aholining bir qismi diniy e'tiqodidan kelib chiqib kamsitilmoqda. Hindiston shimoli-sharqiy shtatlari aholisi ham qonunga e'tiroz bildirgan — endi ular Bangladeshdan kelgan millionlab odamlar ularning shtatlarida doimiy qolib ketishidan xavotirda. Bu tuzatishlarni mahalliy aholi manfaatlariga zid deb hisoblagan musulmonlar ommaviy norozilik aksiyalarini boshladi.

Hindiston hukumati esa yangi tuzatishlar musulmonlarga qarshi qaratilmagani, yangi tartib ozchilikni ta'qiblardan himoya qilish uchun taqdim etilganini aytmoqda.

Musulmonlarga hujumlar haqidagi dastlabki xabarlar Mishra politsiya uch kun ichida musulmonlarning namoyishlarini to‘xtatishi kerakligini, aks holda odamlar ko‘chalarga chiqishini ma'lum qilganidan ko‘p vaqt o‘tmay kela boshladi.

Masjidlarga hujum qilingan / AFP

So‘nggi uch kun mobaynida ijtimoiy tarmoqda induistlar jamiyati vakillari qurolsiz odamlarni, jumladan, jurnalistlarni ham kaltaklayotgani tasvirlangan ko‘plab suratlar va videolar tarqaldi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab kaltaklar va toshlar bilan qurollangan kishilar guruhlari yurib, musulmonlarni ta'qib qilishdi, guruhlar o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘in oqibatida 30ga yaqin kishi halok bo‘lgan / AFP

Mahalliy tibbiyot xodimlari ma'lumotlariga ko‘ra, 189 kishi jarohat bilan shifoxonalarga joylashtirilgan.

Tartibsizliklar yakshanba kuni boshlangandi / REUTERS

Qochqinlar
Dehlida so‘nggi marta diniy nizolar 1984 yilda kuzatilgan, o‘shanda induistlar sikhlarga hujum qilishgan va 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi tvitterdagi sahifasi orqali fuqarolarni tinchlik saqlashga chaqirdi va politsiya tartib o‘rnatishni boshlaganini ma'lum qildi.

Tartibsizliklar asosan poytaxt shimoli-sharqidagi musulmonlar yashovchi mahallalarni qamrab olgandi. Ayni vaqtda bu hududlar politsiya tomonidan o‘rab olingan.

Ayni vaqtda bu mahallalardagi ko‘chalar toshlar va singan oynalar parchalari bilan to‘lib ketgan. Har tomonda o‘t qo‘yilgan avtomobillarni ko‘rish mumkin.

GETTY IMAGES

Ko‘plab uylar yoqib yuborilgan.

Bi-bi-si muxbirining xabar qilishicha, mahalliy aholi vaziyat og‘irlashishi mumkinligidan xavotirga tushib, o‘z uylarini tark etishga tushgan.

Odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishmoqda / GETTY IMAGES

Mahalliy jurnalistlarning xabar qilishicha, yo‘llarda to‘dalar yo‘lovchilarni to‘xtatib, qaysi dinga e'tiqod qilishini so‘ramoqda. Fotojurnalistlardan birining hikoya qilishicha, uni kiyimlarini yechib, sunnat qilinmaganini ko‘rsatishga majburlashgan. Bunday holatlar Hindistonda avvalgi diniy nizolar vaqtida ham kuzatilgandi.

Mamlakat hukumati Nyu-Dehlida nazorat qo‘lga olingani va to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan hududlarga yetarli miqdorda politsiyachilar va harbiylar joylashtirilganini ma'lum qildi.

Hujum qiluvchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan / AFP

Bir qator nashrlarda agar huquq-tartibot idoralari xodimlari vaziyatni o‘nglay olmasa, poytaxtga armiya kirishi mumkinligi haqida yozilgan.

AFP
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top