08:49 / 27.02.2020
2
4335

OPeK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekistonga 54 mln dollar ajratdi

Vena shahrida O‘zbekiston hukumati va OPeK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi o‘rtasida bitim imzolandi

Foto: Getty Images

2020 yilning 25 fevral kuni Vena shahrida OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (OFID) tomonidan Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanining 22 ta aholi punktida va Namangan shahrida ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash loyihasini moliyalashtirish uchun 54 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan hujjatni elchi Sherzod Asadov va OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi nomidan uning bosh direktori Abdulhamid Alhalifa imzoladi.

Ushbu loyiha doirasida xalqaro sifat standartlariga javob beradigan suv ta'minoti infratuzilmasi yaratiladi, buning natijasida Namangan viloyatining 200 mingga yaqin aholisi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imzolash marosimidan so‘ng OFID bosh direktori Jamg‘arma va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlik faol rivojlanayotganini ta'kidladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, hamkorlikni yanada mustahkamlashga umid bildirildi.

1975 yilda tashkil etilgan, qarorgohi Vena shahrida joylashgan OPEK Jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga ijtimoiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatadigan moliyaviy rivojlanish bo‘yicha hukumatlararo institutdir.

1999 yildan beri ushbu tuzilma O‘zbekistonda davlat sektorida umumiy qiymati qariyb 80 million dollarga teng bo‘lgan 7 ta loyihani amalga oshirdi, shundan 47,2 million dollari ichimlik suvi va sanitariya sohasidagi loyihalarni imtiyozli kreditlash uchun, 12,73 million dollari qishloq xo‘jaligiga, 5 million dollardan transport va ta'limni rivojlantirishga ajratildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top