15:06 / 27.02.2020
0
2851
O‘zbekiston va Turkiya sport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi delegatsiyasi shu yil 22-23 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan «An'anaviy sport turlari va o‘yinlarini qo‘llab-quvvatlashda hukumatlarning o‘rni» mavzusidagi III Xalqaro etnosport forumida ishtirok etdi.

Ma'lumki, joriy yil Turkiyada Butunjahon ko‘chmanchilar sport o‘yinlari o‘tkaziladi. Unda yurtimiz sport delegatsiyasi ham qatnashishi rejalashtirilgan. O‘z navbatida, hukumatimiz tomonidan O‘zbekistonning ushbu nufuzli sport tadbirida munosib ishtiroki etishi belgilangan.

III Xalqaro etnosport forumida Osiyo, Yevropa, Afrika qit'alaridagi 46 ta davlatdan 200 nafardan ortiq delegat qatnashdi. Shuningdek, forumni BMT hamda YuNeSKO vakillari ham kuzatib borishdi.

Forumda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turkiya yoshlar va sport vazirligi, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi hamda 8 ta davlat sport vazirlari o‘rtasida milliy sport turlari va o‘yinlari shuhratini oshirish, ular bilan bog‘liq sport tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, bu sohada davlatlar o‘rtasida institutsional hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Qo‘shma bayonot imzolandi.

Sir emaski, O‘zbekistonda etnosportni yanada rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Qolaversa, milliy sport turlarimiz – kurash, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san'ati va «Turon» sport turlarini dunyo xalqlari orasida yanada ommalashtirish yo‘lida ham sezilarli yutuqlarga erishilayotir.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turkiya yoshlar va sport vazirligi o‘rtasida sport sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumi ham imzolandi.

Ushbu memorandumning imzolanishi ikki mamlakat sportchilari hamda xalqlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini, o‘zaro anglash va do‘stlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, tomonlar sport muassasalari, oliy sport ta'lim muassasalari, sport federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa sport tashkilotlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘zaro almashinuv dasturlari, tajriba va axborotlarni quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlaydi va rag‘batlantiradi:

– oliy sport yutuqlari;

– sportda ilm-fan, ta'lim, tibbiyot va ovqatlanish;

– ommaviy sport;

– sport texnologiyalari va sport infratuzilmasi;

– nogironlar sporti;

– sportni boshqarish;

– sportda dopingga qarshi kurashda hamkorlik qilish;

– sport turizmi salohiyati va imkoniyatlarini targ‘ib qilishni qo‘llab-quvvatlash;

– sport tadbirlari orqali jamoalar, federatsiyalar, klublar va barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida sport turizmi faoliyatini rivojlantirish va rag‘batlantirish;

– barcha sport turlari bo‘yicha hamkorlik.

 

Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat sport federatsiyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, bolalar futbolini rivojlantirish, sport mutaxassislari malakasini oshirish, turk investitsiyalarini jalb etish va yengil konstruksiyali energiya tejovchi sport obektlarini qurish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda muhokama qilingan masalalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida ikki vazirlik o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Turkiya yoshlar va sport vaziri M.M.Kasapo‘g‘lu O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, uni imzolash uchun O‘zbekiston Respublikasiga yaqin kunlarda tashrif buyurishini ma'lum qildi.

Turkiya yoshlar va sport vaziri taklifi bilan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Turkiyadagi sport tadbirlari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkaziladigan sport inshootlari va sport turizm obektlari bilan ham tanishtirildi.

Tadbir doirasida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev Butunjahon etnosport konfederatsiyasi prezidenti N.B.Erdo‘g‘an bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni milliy sport turlari va o‘yinlari shuhratini oshirish, shuningdek O‘zbekistonning boy madaniy merosi va an'analarini namoyish etish hamda turizm industriyasini rivojlantirish maqsadida 2020 yilda qadimiy Xiva shahrining Ichanqal'a majmuasida etnosport festivalini o‘tkazishni taklif qildi.

Shuningdek, tomonlar Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) orqali hamkorlikni rivojlantirish uchun takliflar kiritishga kelishib oldi.

Butunjahon etnosport konfederatsiyasi prezidenti O‘zbekistonda sport sohasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, mamlakatimizni o‘rnak olishga arziydigan davlatlar sifatida e'tirof etdi.

Bundan tashqari, Turkiya safari davomida Dilmurod Nabiyev Ozarbayjon yoshlar va sport vaziri Azat Ragimov bilan ham uchrashdi.

O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari so‘nggi yillarda Ozarbayjon bilan sport sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari biroz susayganini alohida ta'kidlab, o‘zaro do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda sport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

O‘z navbatida, Ozarbayjon yoshlar va sport vaziri ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini ta'kidlab, O‘zbekiston bilan munosabatlarni yuqori darajaga olib chiqishga tayyorligini aytib o‘tdi. Muzokaralar yakunida tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.

Pokiston Islom Respublikasi Sport kengashi raisi, doktor Fehmida Mirza, Qirg‘iziston Respublikasi Yoshlar, jismoniy ta'lim va sport agentligi o‘rinbosari K.Arpachiyev va Qozog‘iston etnosport assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, sport sohasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Turkiyaning «Bahadir Kul Architecs» kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazilib, kompaniya tomonidan qurilgan sport inshootlari bilan tanishildi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonda yengil konstruksiyali energiya tejamkor va ob-havo sharoitiga mos bo‘lgan sport inshootlari va sport maktablarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish jarayoni ketayotgani bildirilib, ushbu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik takliflarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligi bildirildi.

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top