11:20 / 27.02.2020
2
58778
Putin Rossiyaning sobiq SSSR respublikalari aktivlariga bo‘lgan da'volari haqida eslatdi

Rossiya o‘zini SSSRning vorisi deb tan oldi hamda sobiq sovet respublikalari, shu jumladan, Ukraina uchun qarzlarni to‘lab berdi. Yangi davlatlar o‘z hissalarini to‘lamaganligi sababli, Moskva ularga qolgan aktivlar uchun da'vo qilish huquqiga ega

Foto: Dmitriy Azarov / Kommersant'

SSSRning vorisi bo‘lgan Rossiya oldingi barcha respublikalarning qarzlarini chet eldagi aktivlar evaziga to‘lab berish majburiyatini o‘ziga oldi. Bu haqda prezident Vladimir Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirishlarni tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh bilan uchrashuvda eslatib o‘tdi, deya xabar qilmoqda TASS. SSSRning qarzlari to‘lab berilganiga qaramay, Rossiya o‘ziga berilishi lozim bo‘lgan aktivlarni olmadi, deb ta'kidlab o‘tdi Putin.

«Biz hamma uchun kreditlarni yopdik, sovet ittifoqi makonida yangi tashkil etilgan ba'zi davlatlar esa bizga chet eldagi aktivlarini bermadi», - dedi Putin.

Prezidentning fikriga ko‘ra, Rossiya SSSRning vorisi bo‘lishga va sobiq respublikalarning barcha qarzlarini to‘lashga rozi bo‘lganida «butun dunyo juda xursand edi». «Menimcha, biz Ukrainaning o‘zi uchun 16 milliard to‘lab berdik», - dedi u.

1993 yilda Rossiya tashqi qarz bo‘yicha sobiq sovet respublikalarining majburiyatlarini o‘z zimmasiga oldi, ular esa sovet ittifoqining tashqi aktivlaridagi o‘z ulushlaridan bosh tortdi. 1994 yil yanvar oyi ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq SSSRning qarzi 104,5 milliard dollarni tashkil etgan, shu jumladan, Parij kreditorlar klubi oldida - qariyb 50 milliard dollar. 2006 yilda Rossiya uni muddatidan oldin to‘lab berdi, 2017 yil avgust oyida esa Bosniya va Gersegovinaga 125,2 million dollar berildi: bu to‘lov sovet ittifoqining tashqi qarzlarini to‘lash bo‘yicha ish jarayonidagi oxirgisiga aylandi.

Avvalroq, Rossiya Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Konstantin Aranovskiy Rossiya SSSRga nisbatan huquqiy vorislikni to‘liq o‘ziga qabul qilmasligi kerakligi va sovet ittifoqida sodir etilgan «repressiv-terroristik harakatlar»ning vorisiga aylanmasligi lozimligi haqida aytgandi. Uning fikriga ko‘ra, Rossiya «noqonuniy ravishda tuzilgan» davlat - sovet ittifoqini almashtirdi, shuning uchun «uning faoliyati oqibatlari bilan», shu jumladan, 1930-yillardagi siyosiy qatag‘onlar bilan «hisoblashishi kerak». Aslida, mamlakat «SSSR o‘rniga va qarshi» tarzda tuzildi, shuning uchun «totalitar jinoyatlarga aloqador bo‘lmagan» davlatning konstitutsiyaviy maqomiga ega bo‘lishi lozim.

Kreml Rossiya «har qanday holatda ham SSSRning vorisi» ekanligini ta'kidlab, Konstitutsiyaviy sud sudyasining pozitsiyasiga izoh berishdan bosh tortdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top