02:04 / 28.02.2020
0
10808

Hongkong hukumati 7 mlnlik aholisiga 1300 dollardan to‘laydigan bo‘ldi  

Foto: Reuters

Hongkong hukumati aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida fuqarolarga 10 ming Hongkong dollaridan to‘lashga qaror qildi.

Joriy yil budjeti doirasida Hongkongning 18 yoshdan katta 7 mlnga yaqin doimiy rezidenti 10 ming Hongkong dollari (1,3 ming dollar) miqdorida bir martalik moddiy yordam oladi. 

Ta'kidlab o‘tish joiz, Hongkongda bir necha oydan beri tinmayotgan noroziliklar va koronavirus tarqalishi mahalliy iqtisodiyotga jiddiy zarba berdi.

Shaharda koronavirusdan kasallanish bo‘yicha 81 ta holat qayd qilingan, 2 kishi undan vafot etgan. 

“Hongkong iqtisodiyotiga joriy yilda ulkan sinov tashlandi. Men masalani yaxshilab o‘rganib chiqib, 18 yoshdan katta bo‘lgan doimiy rezidentlarga ularni qo‘llab-quvvatlash va yordam berish maqsadida 10 ming Hongkong dollaridan ajratishga qaror qildim”, deb aytgan Hongkong moliya vaziri Pol Chan.

Ushbu to‘lovlar aholining yaqin yillarda moddiy holatini yaxshilash va Hongkong iqtisodiyotini jonlantirishga qaratilgan choralarning bir qismi bo‘ladi. Bu choralarni amalga oshirish uchun budjetdan 120 mlrd Hongkong dollari (2,5 mlrd dollar) ajratiladi. 2020-2021 yillarda ko‘riladigan choralar orasida davlat turarjoyi uchun ijara haqi, soliqlarning pasaytirilishi, biznesni bepul ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqalar bor.

Avvalroq hukumat iqtisodiyotning koronavirusdan eng kuchli jabr ko‘rgan tarmoqlariga, jumladan xizmatlar ko‘rsatish tarmog‘iga moliyaviy yordam ko‘rsatilishini e'lon qilgan.

Bundan tashqari, Hongkong iqtisodiyotiga siyosiy barqarorsizlik ham jiddiy putur yetkazdi. Oxirgi haftalarda koronavirusning yanada kuchliroq tarqalishi xavfi esa iqtisodiy faollik va jamiyat hayoti sur'atlarini pasaytirib yubordi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top