09:39 / 28.02.2020
0
9977
Jizzax viloyatida «yashirin sex»dagi qing‘ir ishlar fosh etildi
Foto: Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi mahsulotlar hamda parfyumeriya tovarlarini ishlab chiqaruvchi “yashirin sex”lar faoliyati fosh etildi.

Jumladan, Sh.Rashidov tumani Xayrobod MFYda yashovchi U.U. yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, xonadonda noqonuniy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganligi aniqlanib, qo‘l bola usulda tayyorlangan jami 337 dona turli nomdagi ichimliklar, 12 dona yelim idishda jami 120 litr spirt mahsuloti, 129 dona qadoqlash uchun ishlatiladigan polietelik qopqoq, 4000 dona aksiz markalar borligi aniqlandi.

Mazkur xonadon “ko‘p tarmoqli” ishlab chiqarishga moslashgan bo‘lib, kichik hajmdagi atirlar ham xavfsizlik talablariga umuman javob bermaydigan sharoitda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi va ko‘zdan kechirish davomida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1318 dona atirlar, 10 litrlik 4 dona yelim idishda 40 litr o‘tkir hidli atir suvi, 3200 dona atir qutisi, 3000 dona atir qoplamasi, 1000 dona atir qopqog‘i, atir mahsulotlarini tayyorlash va qadoqlash uskunasi olindi.

Tadbir davomida Sh.Rashidov tumani Xayrobod MFYda yashovchi fuqaro N.N, Qo‘shko‘prik MFYda yashovchi K.F., Jizzax shahar Hayrobod MFYda yashovchi M.D. o‘g‘lining yashash xonadonlarida ham shu tarzda tashkil etilgan “yashirin sex”lar aniqlanib, “qo‘l bola” usulda ishlab chiqarilgan ichimliklar, spirt mahsuloti, atirlar hamda boshqa turdagi tovarlar huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yildi.

Yuqoridagi “uddaburon” shaxslarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdo peshtaxtalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalariga yetkazib berilganligi aniqlanib, Jizzax shahri hamda Sh.Rashidov tumanida joylashgan bir nechta savdo do‘konlari hamda ovqatlanish shoxobchalaridan “qo‘l bola” usulda tayyorlangan ichimliklar hamda aksiz markalari bo‘lmagan mahsulotlar olib qo‘yilib, iste'molga kiritilishi oldi olindi.

Mazkur tezkor tadbir davomida jami dastlabki qiymati 447 807 900 so‘mlik mahsulotlar, 11 692 dona “qo‘l bola” tayyorlangan atirlar, 100 litr atir suyuqligi, 852 dona xorijda ishlab chiqarilgan kiyim-kechaklar va 727 dona ayollar kremlari hamda boshqa qadoqlash vositalari huquqbuzarlik ashyosi sifatida olindi. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top