18:40 / 28.02.2020
0
26242

Maksim Shatskix – Kuper iste'fosi, Shomurodov va mundialga chiqish haqida

Zamonaviy o‘zbek futbolining eng mashhur va afsonaviy hujumchilaridan biri Maksim Shatskix desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kiyevning «Dinamo» klubi safida Ukrainada va Yevropada nom qozongan, shuningdek O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan hamyurtimiz hozirda murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Biz Maksim bilan Kiyevda uchrashib, Kun.uz va Tribuna.uz o‘quvchilari uchun maxsus intervyu oldik.

Intervyuning birinchi qismi Maksim Shatskixning «Dinamo Kiyev» klubidagi, ikkinchi qismi esa O‘zbekiston milliy jamoasidagi faoliyatiga bag‘ishlandi. Uchinchi qismida o‘zbek futbolidagi muammolar haqida gaplashdik. Shuningdek, muxlislardan tushgan savollarga javob oldik.

– O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlarini kuzatib borasizmi? So‘nggi natijalar haqidagi fikringiz.

– Ha. Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yinni ko‘rdim, menga yoqdi (JCh-2022 saralashi, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni 2:3, Kun.uz izohi). Menimcha, bir necha futbolchi almashtirilgach, o‘yin sur'ati o‘zgardi. Jamoa orqaga chekina boshladi. Albatta, bu futbolchilarning ruhiyati bilan bog‘liq – muhim o‘yin, 2:1 hisobida oldindamiz, uni ushlab qolishga intilyapmiz.

Raqibda vaziyatlar deyarli yo‘q edi. Bir necha futbolchi almashtirilgach, o‘yin oxirida to‘pni berib qo‘ydik. Qarshi hujumda o‘ynaydigan futbolchilarimiz qolmadi, balki mag‘lubiyat sababi shundadir.

Bundan tashqari, omad ham yuz o‘girdi. Hisob tenglashtirilgandagi zarbani kuzatdim. To‘p yo‘nalishi umuman tushunarsiz bo‘ldi. Himoyachilar to‘sishga urinishdi, ammo befoyda... Uchinchi gol ham shunday...

Bu vaziyatlarda kimnidir shaxsan aybdor qilib bo‘lmaydi. Xatolar ketma-ketligi, charchoqlik, katta bosim... Juda muhim o‘yin edi, nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonish kerak edi. Ammo, hali ham hech narsa yo‘qotilmadi. Shunchaki endi safarda qiyinroq bo‘ladi. Chunki bu oxirgi o‘yin bo‘ladi, raqib ham bor kuchini sarflaydi.

Menimcha, arablar boshqa ochko yo‘qotmasa kerak. Saudiya Arabistonini mag‘lub etish oson bo‘lmaydi.

– Falastindan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Ektor Kuper iste'foga chiqarildi. Bu haqdagi fikringiz qanday?

– Unga kamida sikl oxirigacha imkon berish kerak edi, deb hisoblayman. O‘rtoqlik o‘yinlari o‘z yo‘liga. U birorta rasmiy o‘yin o‘tkazmagandi. U jamoani bir yil tayyorladi. O‘rtoqlik o‘yinlaridagi raqiblar ham yaxshi edi.

Begona mamlakatga kelib, bu yerning futboli, darajasi va boshqa narsalar haqida tasavvurga ega bo‘lmasdan ishlash osonmas. Qisqa vaqt ichida jamoani tayyorlash ham mushkul. Buni o‘zimizning murabbiyni Afrikaga jo‘natib, natija talab qilishga o‘xshatish mumkin.

Falastinga qarshi o‘yinni ko‘rdim (JCh-2022 saralashi, Falastin – O‘zbekiston 2:0, Kun.uz izohi). Juda bo‘sh o‘ynab yutqazishdi, deb o‘ylamayman. Vaziyatlar ham bo‘ldi, bundan tashqari sun'iy maydon...

Balki 1-2 kun ertaroq borib, ko‘proq mashg‘ulot o‘tkazish kerakmidi, ammo hozir aytishga oson. O‘yinni nazorat qilayotgan edik. Gollarni qarshi hujumlarda o‘tkazib yubordik. Shunchaki, biz kamroq vaziyat yaratdik. Ular boshidan himoyani ushlab, qarshi hujumlarda o‘ynashini ko‘rsatib qo‘yishdi. Zich himoyani ham yorib o‘tish oson bo‘lmaydi. Har xil usullar bilan darvozaga yo‘l izlash kerak edi...

Hamma g‘alaba qozonishimizni kutgan edi. Ammo yutqazib qo‘ydik... Albatta qaror qabul qilish rahbariyat zimmasida. Ammo murabbiyning almashtirilgani to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini vaqt ko‘rsatadi.

– O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibida sizni qaysi futbolchi maydonda juda yaxshi tushungan. Kim bilan o‘yiningiz yaxshi chiqqan?

– Mirjalol Qosimov bilan bir-birimizni yaxshi tushunganmiz. Nikolay Karpenko, Vitaliy Denisov bilan. Keyinchalik, Server Jeparov bilan. Bir-birimizni, nimaga qodir ekanimizni juda yaxshi bilganmiz. Shu tufayli bir qarashdayoq bir-birimizni tushunganmiz.

O‘zbekiston milliy jamoasiga yangi chaqirilgan futbolchilar qanday qabul qilinadi? Maxsus bir tadbir bormi? Masalan, ba'zi jamoalarda qo‘shiq aytib berishadi, ba'zilarida raqsga tushishadi.

– Butsasiga qo‘yning qonini surkaydi... Bu udum ancha oldin ham bo‘lgan. Maydon markazidagi to‘p turadigan nuqtada qo‘y so‘yiladi. Uning qoni omad keltirishi uchun butsalarga purkaladi. Hozir bu udum nisbatan kam qo‘llansa kerak. Ammo milliy jamoa tarkibida qo‘y go‘shtidan palovni har doim yeganmiz. Odatda bu o‘yindan bir kun oldin bo‘lardi. Men shuni ikki kun oldin qilinishiga erishganman. Chunki palov og‘ir, yog‘li ovqat. Hazm qilish uchun juda ko‘p suv ichishga to‘g‘ri keladi, ertasi kuni esa o‘yin. Futbolchining vujudi qiynaladi. Shu tufayli bu odat ikki kun oldinga surilgan.

Paytdan foydalanib, Maksimdan birga o‘ynagan futbolchilaridan iborat ramziy jamoani tuzib berishni iltimos qildik.

Maksim Shatskixning ramziy jamoasi quyidagicha bo‘ldi:

Darvozabon: Yevgeniy Safonov

Himoyachilar: Vitaliy Denisov, Andrey Fyodorov, Asror Aliqulov, Islom Inomov

Yarimhimoyachilar: Server Jeparov, Mirjalol Qosimov, Viktor Karpenko

Hujumchilar: Ulug‘bek Baqoyev, Maksim Shatskix, Aleksandr Geynrix

Bosh murabbiy: Bob Hafton   

– Siz 34ta gol bilan O‘zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarsiz. Sizdan keyingi o‘rinlarni Aleksandr Geynrix, Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirin egallab turibdi. Ammo ular futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Sizga eng yaqin turgan futbolchilar – Odil Ahmedov (20ta gol) va Eldor Shomurodov (16ta gol). Ahmedovning yarimhimoyachi ekanini inobatga olsak, ko‘p gol urmasa kerak. 24 yoshli Shomurodov esa 16ta golidan 13tasini 1 yil ichida urdi. Nima deb o‘ylaysiz, u sizni quvib o‘tarmikan?

– Quvib o‘tishiga ishonchim komil. Uning hozirgi holati shunga dalolat qilmoqda – mana bir yil ichida shuncha gol urdi. U kuchli chempionatda, chempionlik uchun, Chempionlar ligasi uchun kurashayotgan jamoada o‘ynayapti. U mana shu jamoada yuqori saviyadagi o‘yinni namoyish etyapti. Bu milliy jamoaga faqat foyda keltiryapti.

Oldin ham aytganman: agar taklif bo‘lsa, futbolchilarni kuchli chempionatlarga qo‘yib yuborish kerak. Bu milliy jamoa uchun koni foyda.

Ammo O‘zbekiston chempionatida yaqin yillarda katta o‘zgarishlar bo‘lishiga, saviyasi o‘sishiga, bolalar maktablari ko‘payishiga ishonchim komil emas. Shu tufayli, imkoniyat bo‘lsa, yoshlarni kuchli chempionatlarga yuborish kerak. Mana hozir Shomurodov misolida buning foydasini ko‘ryapmiz. Kuchli hujumkor futbolchimiz paydo bo‘ldi.

U hujumchi bo‘lib ham o‘ynay oladi, qanotlarda ham harakat qiladi, ikki uch nuqtada o‘ynashga qodir. Yana bir shunday hujumchi paydo bo‘lsa, nur ustiga a'lo nur edi. Hozircha u bizda yagona. Unda tezlik ham bor, zarba ham bor.  

– Nima uchun murabbiylikni tanladingiz? Ko‘plab futbolchilar murabbiy bo‘lishga qaror qiladi, ammo faqat sanoqlilari muvaffaqiyat qozonadi.

– Birinchidan, futbolni yaxshi ko‘raman. Faoliyatimni yakunlagach, murabbiy bo‘lish haqidagi qarorga ancha oldin kelganman.

Katta futboldan ketganimda o‘ylanib, shubhalanib o‘tirmadim. Murabbiylikni tanladim. O‘qidim, o‘rgandim. Barcha zarur hujjatlarni, diplomlarni oldim. Hozir «Rotor» bosh murabbiyi Aleksandr Xatskevichning yordamchisiman. Kelajakda mustaqil murabbiylik faoliyatimni boshlamoqchiman, shu yo‘nalishda harakatlanyapman.

Murabbiy sifatida o‘zbek klublaridan taklif oldingizmi?

– Yo‘q.

Agar taklif olsangiz, O‘zbekiston chempionatida ishlarmidingiz?

– Nega endi ishlamas ekanman, albatta taklifni o‘rganib chiqardim.

O‘zbekiston milliy jamoasidan taklif olsangiz-chi?

– Milliy jamoa – murabbiy faoliyatining cho‘qqisi, bu haqda hamma orzu qiladi.      

 – Ayni paytda O‘zbekiston milliy jamoasini boshqarishga tayyormisiz?

– Albatta. Qanday ishlashni bilaman. Biroq 2 yoki 4 yildan so‘ng jahon chempionatiga chiqamiz, degan katta va'dalarni berolmayman. Bor kuchimni, bilimimni shunga erishish uchun sarflashga tayyorman. Ammo yakunda qanday bo‘lishini natija ko‘rsatadi. Kimdir meni bunday vazifani bajarishga qodir desa, unga ishonish bema'nilik bo‘ladi. 

Futboldagi kumiringiz kim?

Messi.

Bolalikda-chi?

– Akam Oleg. Hozir Moskvada firmada ishlayapti. Futbol bilan aloqador emas. Oilasi, qizi bilan yashayapti, hammasi joyida. U so‘zamol, dilkash emas. Intervyularni ham juda kam bergan. Diqqat-e'tibor markazida bo‘lishni yoqtirmaydi, yuvosh, bosiq yigit.

(Ma'lumot o‘rnida, Maksimning akasi Oleg Shatskix 1996 yili «Navbahor» tarkibida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan, 1995 yili O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Og‘ir jarohati tufayli futbolchilik faoliyatini erta yakunlagan).

Maksim, tashqaridan qaralsa, juda jiddiy insonga o‘xshaysiz, kam jilmayasiz.

– Sizga shunday tuyulyapti. Ko‘p odam menga shunday deydi, juda jiddiysiz deydi. Aksincha, juda quvnoqman. Hamma yerda, do‘stlar orasida, jamoada. Bu men haqimdagi eng asosiy noto‘g‘ri tushuncha.

– Nega Ukraina fuqaroligini oldingiz?

– Chunki oilam bilan shu yerda yashashga qaror qildik. O‘zbek pasporti bilan bu yerda yashash – muammoli. Elchixonadagi xodimlarning uch-to‘rt avlodini taniyman, ular ham meni biladi. Chunki begona mamlakatda yashayapman, hisobga turish kerak, viza olish kerak... Juda ko‘p marta ularga ishim tushgan.

Oldin 2 yillik viza bo‘lardi, mana hozir xorijga chiqish pasportini qilishdi, bu ham yaxshi. Men uchun xorijga chiqish juda qiyin bo‘lgan, shengen vizasini olishni aytmasa ham bo‘ladi.

Afsuski, Yevropada O‘zbekistonga munosabat boshqacha, ba'zilari hatto bunday mamlakat borligini ham bilmaydi. Viza berish yoki bermaslik haqida o‘ylanib qolishadi. Mana shunaqa turmush muammolari...

Agar Toshkentda yashashga qaror qilganimizda, tabiiyki fuqarolikni o‘zgartirmagan bo‘lardim. Ammo kenja qizim ham shu yerda, Kiyevda tug‘ildi. Maktabni, oliy ta'lim dargohini tugatdi. Muammo faqat shu narsalarda edi.

– O‘zbekiston siz uchun nimani anglatadi?

– O‘zbekiston – vatanim. Ko‘p marta aytganman: vatan tanlanmaydi, men o‘sha yerda tug‘ilganman. O‘zbekistonda shaxs, inson va futbolchi sifatida shakllangan davrim o‘tgan. 15-16 yoshimgacha bo‘lgan quvonchli damlarni o‘sha yerda boshimdan o‘tkazganman – bolalik, bog‘cha, maktab va boshqa narsalar. U yerdan ketgach, boshqacha, kattalar hayotini ko‘rganman. Eng quvonchli, baxtiyor damlarim O‘zbekistonda o‘tgan.

– Siz bilan birga o‘ynagan eng zo‘r futbolchi kim?

– Valentin Belkevich, belaruslik futbolchi (Maksim u bilan «Dinamo Kiyev»da birga o‘ynagan. Belkevich 2014 yilda 41 yoshida vafot etgan – Kun.uz izohi). Maydonda bir-birimizni juda yaxshi tushunganmiz.

O‘zbekiston milliy jamoasida-chi?

– Mirjalol Qosimov. U bilan juda oson bo‘lgan, bir-birimizni yaxshi tushunganmiz. Zo‘r pas va zarbaga ega edi. U bilan to‘p tepish men uchun oson edi.

U jamoa yetakchisi edimi?

– Albatta. Bir necha yillar davomida.

Siz O‘zbekiston milliy jamoasida yetakchi bo‘lganmisiz?

– Hech qachon o‘zimni yetakchi deb hisoblamaganman. Futbolchi o‘zini yetakchi deb hisoblay olmaydi. Bu noto‘g‘ri yondashuv. Murabbiy, muxlislar, mutaxassislar, futbolchilar yetakchi deb hisoblashi mumkin, ammo futbolchining o‘zi emas.

Qanday qilib futbolchi o‘zini yetakchi deb aytishi mumkin? Balki men sal-pal tajribaliroq bo‘lgandirman, ammo yetakchilikning bunga aloqasi yo‘q. Men ham maydonda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganman, ortimdan ergashtira olganman. Ammo o‘zimni yetakchi deb hisoblamaganman.

Savollarimizga javob berganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. Albatta murabbiylik faoliyatingizni kuzatib boramiz. Sizga muvaffaqiyat, sog‘liq-salomatlik, shaxsiy hayotingizda baxt-saodat tilaymiz. Yakunda o‘zbek muxlislariga tilaklaringiz.

– Sabr tilayman. Barcha muxlislar orzusi ushalishi uchun hali vaqti kelmadi, shekilli. Ammo orzular ushaladigan vaqt keladi, ishoning, biz mundialga chiqamiz. Sabr qiling, har bir mag‘lubiyatdan keyin rahbariyatni, murabbiylarni, futbolchilarni koyimang. Chunki bu shunchaki oddiy o‘yin. Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi, demak taqdir taqozosi shunday ekan.

Futbolga keling, kim bilan o‘ynashidan qat'i nazar milliy jamoani qo‘llab-quvvatlang. Menimcha, oxir-oqibatda bu albatta mukofotlanadi. Qachonlardir biz jahon chempionatiga chiqamiz.

Sardor Yusupov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top