10:29 / 28.02.2020
0
4913

O‘zbekistonda yapon modeli bo‘yicha maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilishi mumkin

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshchinori Fudjiyama bilan uchrashdi.

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Vazirlik xabariga ko‘ra, Agrippina Shin Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etilganidan buyon o‘tgan yillar mobaynida erishilgan natijalar, xususan, xalqaro hamkorlik haqida qisqa ma'lumot taqdim etdi. 

Bunda Maktabgacha ta'lim vazirligining Yaponiya hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan quyidagi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida o‘rnatilgan hamkorligiga alohida e'tibor qaratildi:

Yaponiya hukumatining beg‘araz yordam Dasturi doirasida milliy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha (JDS) stipendiya taqdim etish;

Yaponiya hukumatining kichik qamrovli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish loyihasi;

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘ngillilarini Nukus shahridagi Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun «Imkon» davlat ko‘ptarmoqli ixtisoslashtirilgan reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan MTTga jalb qilish.

Uchrashuv chog‘ida vazir Yaponiya bilan maktabgacha ta'lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun qator takliflar bildirdi:

Yaponiya tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda yapon modeli bo‘yicha maktabgacha ta'lim tashkilotini qurish;

respublika MTT tarmoqlarini kengaytirish jarayoniga Yaponiya xususiy sektorini jalb etish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar, qo‘llanmalar, o‘yinlar va multimedia mahsulotlarini ishlab chiqarish;

maktabgacha ta'lim sohasida IT-yechimlarni ishlab chiqishda hamkorlik qilish;

imkoniyati cheklangan bolalar uchun davlat MTTlarni reabilitatsiya va maxsus asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun Yaponiyaning beg‘araz tashqi ko‘magini jalb etish.

Elchi Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik salohiyatini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top