14:55 / 29.02.2020
0
5443

AQSh va toliblar o‘rtasidagi bitim tinchlikka olib boruvchi yo‘lning nihoyasi emas, balki faqat boshlanishidir - Komilov

Joriy yilning 29 fevralida Qatar poytaxti Doha shahrida AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida uzoq kutilgan va afg‘on xalqi uchun umummilliy yarashuv jarayonini boshlashi mumkin bo‘lgan “tinchlik kelishuvi”ning imzolanishi kutilmoqda

Foto: AFP

“Xalq so‘zi” Afg‘oniston muammosini siyosiy yo‘l bilan hal etishning asosiy jihatlari xususida O‘zbekistonning qarashlari va respublikaning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qo‘shayotgan hissasi haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan suhbatlashdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 18 yildan buyon to‘xtamayotgan janglardan so‘ng AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida bitim imzolanishi butun mintaqa uchun muhim voqea bo‘ladi.

“18 yildan buyon to‘xtamayotgan janglardan so‘ng AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida bitim imzolanishi, albatta, butun mintaqa uchun muhim voqeadir. Buning Afg‘onistondagi tinchlik uchun ahamiyatini baholash mushkul vazifa.

Ammo oldinda hali murakkab ish turibdi. Vaziyatni to‘g‘ri tushunish kerak. Ko‘plab qiyin, nozik muammolar saqlanib qolmoqda. Aslini olganda, AQSh va toliblar o‘rtasidagi bitim tinchlikka olib boruvchi yo‘lning nihoyasi emas, balki faqat boshlanishidir.

Hozir bevosita tinchlik jarayoni, afg‘onlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlash muhim. Endilikda hamma narsa Afg‘oniston xalqining mustahkam irodasi, birligi va qat'iyatiga bog‘liq.

Shu munosabat bilan imkon qadar tezda hukumat va muxolifat delegatsiyalarini shakllantirish, Afg‘onistonni tinch yo‘llar bilan qayta tiklash barcha masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni boshlash juda muhimdir. Bu jarayon har qanday tashqi aralashuvdan xoli bo‘lishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, Afg‘oniston taqdiri afg‘onlarning o‘z qo‘lidadir”, - dedi Abdulaziz Komilov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top