11:01 / 29.02.2020
0
3560

Maktablarda «Eko turizm» darslari joriy etilishi mumkin

Ekologiya masalasi bo‘yicha muhokamalarda umumta'lim maktablarida “Eko turizm” darslarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti va bir qator boshqa oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ekologiya masalasi yuzasidan muhokamalar o‘tkazishdi. Bu haqda parlament saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, ishtirokchilar muammoning oqibatlariga e'tibor qaratdilar. Atmosfera havosining ifloslanishi natijasida inson salomatligi uchun salbiy ta'sir etuvchi ekologik xavf-xatarlar miqyosi kengayib borayotgani, natijada insult, yurak-qon tomir kasalliklari, o‘pka saratoni, astma, nafas yo‘llarining surunkali va o‘tkir kasalliklari yuzaga kelayotgani ta'kidlandi.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan, 2019 yil 1 noyabridan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiluvchi moratoriyni qo‘pol ravishda buzish holatlari tanqid qilindi.

Yig‘ilishda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasini ta'lim tizimida kengroq qamrab olish yuzasidan bir qator aniq takliflar bildirildi. Jumladan, umumta'lim maktablarida “Eko turizm” darslarini joriy etish, oliy ta'limning magistratura mutaxassisliklari uchun esa “Ekologik menejment” kabi fanlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Uchrashuvda yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilinib, unda atrof-muhit muhofazasi masalalarini yoritish yuzasidan takliflar bildirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top