20:06 / 29.02.2020
1
8884
“Tolibon” O‘zbekistonning Afg‘oniston mojarosini hal etishdagi sa'y-harakatlarini e'tirof etdi

Uchrashuv davomida Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

28 fevral kuni Doha shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Qatardagi “Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“Uchrashuv davomida Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Mulla Barodar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Afg‘oniston muammolariga doimiy e'tibor qaratgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekistonning sa'y-harakatlari tufayli afg‘on mojarosi yana xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida ekanligini e'tirof etdi.

“Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari, tarixning murakkab mashaqqatlariga qaramay O‘zbekiston afg‘on xalqining eng ishonchli do‘sti bo‘lgani va ekanligini ta'kidladi, bu ayniqsa Afg‘oniston tinchlik va iqtisodiy ko‘makka juda muhtoj bo‘lgan hozirgi vaqtda yaqqol namoyon bo‘ldi.

Shu o‘rinda mulla Barodar O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlash, mamlakatda turli iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini alohida ta'kidladi, ularning asosiy maqsadi afg‘on xalqining farovonligi va rivojlanishi, Afg‘onistonning tinch va barqaror davlat sifatida taraqqiy etishi ekanligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

29 fevral kuni Doha shahrida AQSh va “Tolibon” harakati o‘rtasida “tinchlik kelishuvi” imzolandi. Kelishuvni imzolash marosimida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top