08:41 / 29.02.2020
0
5811
Qozog‘istonda ag‘darilib ketgan avtobus bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan 

Foto: diapazon.kz

25 fevral kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida Karabutak-Kostanay trassasida ichida 45 yo‘lovchi - O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgani haqida xabar berilgan edi. 

Hodisa vaqtida avtobus ichida bo‘lganlardan biri Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Chimkentdan Yekaterinburgga qarab yo‘lga chiqqan avtobus yo‘l muzlashi tufayli ag‘darilgan, uning ichida o‘ndan ortiq o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

O‘zbekistonning Aqtau shahridagi (Qozog‘iston) bosh konsulxonasi Chimkent – Yekaterinburg yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan va yo‘lovchilari orasida 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus Aqto‘be viloyati hududida ag‘darilib ketgani to‘g‘risidagi xabarni tasdiqladi.

TIV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozog‘istonning yo‘l politsiyasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha organlari xodimlarining yordami bilan yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan, avtobusga texnik xizmat ko‘rsatilgan va yo‘nalishini davom ettirgan.

TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari e'tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligiga qaratgan.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o‘tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10), Aqtau shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51), Olmaota shahridagi bosh konsulxonaga (tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top