07:43 / 29.02.2020
1
4949
Xonobodda mashg‘ulot zali yopilgan og‘ir atletikachilar joylariga qaytdi. Ularga Sport vazirligining anjomlari topshirildi

Joriy yilning 15 fevral kuni saytimizda Andijon viloyati Xonobod shahrida faoliyat yuritib kelayotgan og‘ir atletika zalining shahar hokimligi tomonidan olib qo‘yilgani haqida “Xonobod hokimi olimpiya chempioni shug‘ullangan 50 yillik og‘ir atletika zalini yana yopdi” nomli maqola e'lon qilingan edi.

 Materialga viloyat hokimligi tezkor reaksiya bildirgan va muammo bartaraf etilib, mashg‘ulot zali ta'mirlanishga tushgandi.

 28 fevral kuni murabbiy Baxtiyorjon Hamidov boshchiligidagi yosh sportchilar to‘liq ta'mirlanib, yuvinish va boshqa shart-sharoitlar to‘kis yaratilgan o‘z qadrdon zallariga qaytishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan chempionlar voyaga yetayotgan og‘ir atletika zaliga 100 million so‘mlik zamonaviy sport anjomlari, trenajyorlar sovg‘a qilindi. Bundan tashqari, vazirlik Xonobod BO‘SMning erkin kurash to‘garagi a'zolariga yangi sport gilami ham taqdim etdi.

 Mazkur anjomlarni Jismoniy tarbiya va sport vazirligi nomidan viloyat boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov topshirdi. 

Elmurod Ermatov, Andijon

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top