17:22 / 01.03.2020
7
30330
«2 mln oylik bo‘lsa, qarigan chog‘larida ota-onamni tashlab kelmasdim». Musofirlikdagi orzu-armonlar

Rossiyada bir necha million o‘zbekistonlik migrant mehnat qilyapti. Kun.uz muxbirlari bu davlatga safari davomida o‘ndan ortiq vatandosh bilan uchrashib, ularning misolida o‘sha millionlab o‘zbeklarning muhojirlikdagi hayotini ko‘rsatib kelmoqda.

Navbatdagi qahramonlarimiz ham bir necha yillar oldin Rossiyaga kelgan, turli sohalarda ishlab kelayotgan insonlardir. Ularning o‘y-fikrlari, muammolari va orzu-niyatlari bilan tanishamiz.

«5 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘imga ish yo‘q. Qizim o‘qiydi, uning kontraktini to‘lashimiz kerak. Ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik ortidan Rossiyaga keldim», – deydi 48 yoshlar atrofidagi Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidan kelgan vatandosh ayol.

Opaning aytishicha, Rossiyada eng katta qiyinchilik bu – sog‘inch.

«Eng katta qiyinchilik sog‘inch. Nima qilay, qiyin. Uyga borsam, qishloqda ayollarga ish yo‘q. Hozir bu yerdan yuboradigan 300-400 dollar pulni uyda bo‘lsam topa olmayman. Farzandlarim hammasi yeyman-ichaman degan yoshda. Hozir ular ishlab ketadigan yoshda emas.

Eng katta o‘g‘lim 18 yoshda. Men bilan ishlar edi. Yaqinda uyga ketdi. Hali o‘z yo‘liga tushib ketgani yo‘q. Hozir qizimning kontraktini to‘lab turishim kerak» deydi u.

Suhbatdoshimizdan yana biri 40 yoshlar atrofida. U Farg‘ona viloyatidan kelgan. U Rossiyada hatto patent bilan ham ishlashda muammolar borligi haqida aytdi.

«Eng katta muammolardan biri patent masalasi. Patent bo‘lgan taqdirda ham, hamma joyga bizni ishga olavermaydi. Qo‘rqishadi patent bilan ishga olishga. Negaki, patent bilan ishga olsa, ish beruvchi yana qandaydir hujjatlarni to‘ldirishi kerak. Agar patensiz yoki muddati tugagan patent bilan ishlasa, o‘sha firmaga bir odamga 800 ming rubl jarima solinadi. Shuning uchun ham ko‘p firmalar patent bilan ham ishga olishni rad qiladi», deydi farg‘onalik muhojir.

Suhbatdoshlarimizdan O‘zbekistonda qancha pul ishlab topsangiz, bu yerga kelmagan bo‘lardingiz, deb so‘radik. Ularning aytishicha, o‘rtacha 2 million oylik maosh bo‘lganda Rossiyaga kelmagan, o‘z vatanida, oilasi bag‘rida yurgan bo‘lishardi.

«O‘zimizda shu sharoit bo‘lsa, ota-onamning bitta-yu bitta o‘g‘li bo‘la turib, qarigan chog‘larida ularni yolg‘iz qoldirmagan bo‘lardim», – deydi qo‘qonlik yana bir suhbatdosh.

Vatandoshlarimizdan mahalliy aholining migrantlarga munosabati, farzand tarbiyasi va boshqa masalalardagi fikrlarini ham so‘radik. Suhbatni yuqoridagi videolavha orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top