21:10 / 01.03.2020
1
24512
Foto: Qochqinlar yana Yevropani «qamal qilmoqda»

Gretsiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan 10 ming nafarga yaqin migrantlar Turkiya bilan chegara yaqinida to‘xtatildi. Bu haqda mamlakat hukumati rasman xabar berdi.

Turkiyadagi suriyalik qochqinlar Yevropaga yo‘l oldi / AFP

Gretsiyaga o‘tmoqchi bo‘lgan 10 ming nafarga yaqin migrantlar Turkiya bilan chegara yaqinida to‘xtatildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shanba kuni Yevropa hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan qochqinlar uchun chegara ochib yuborilishini ma'lum qilgandi.

«Biz kecha chegaralarni ochib qo‘ydik (...) Mamlakatimiz qochqinlarning yangi to‘lqinini qabul qilish holatida emas», degandi u.

Turkiya Suriya, Afg‘oniston va boshqa davlatlardan jami 3,7 million atrofidagi qochqinni o‘z hududiga joylashtirgandi. 2016 yil Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga ko‘ra, turklar 6 mlrd yevro miqdoridagi moliyaviy yordam evaziga ular Yevropaga o‘tib ketmasligini ta'minlashni o‘z zimmasiga olgandi.

Yana 3,5 mln atrofidagi qochqinlar Suriyaning muxolifat kuchlari tomonidan nazorat qilinadigan Idlib viloyati shimolida, Turkiya bilan chegara hududida bo‘lib turibdi.

Migrantlar turk-grek chegarasini kesib o‘tishga urinmoqda / AFP
Grek politsiyasi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda / AFP

O‘tgan yilning dekabridan buyon Eron va Rossiya ko‘magidagi Suriya hukumati qo‘shinlari Idlibni to‘la egallash uchun yurishni davom ettirmoqda. Agar hukumat qo‘shinlari maqsadiga erishsa, Turkiyaga qochqinlar oqimi ikki barobar ortishi mumkin.

Erdo‘g‘an Yevropa chegaralarini ochib yuborishi qarorini Idlibda Suriya harbiy-havo kuchlari tomonidan hujum oqibatida 33 nafar turk harbiysi halok bo‘lishi ortidan qabul qildi.

Turkiya-Gretsiya chegarasida minglab odamlar to‘plangan, yangilar kelib qo‘shilmoqda / AFP

Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis yakshanba kunining ikkinchi yarmida chegaradagi vaziyatni muhokama qilish uchun xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi.

YeIning tashqi chegaralar nazorati bo‘yicha Frontex agentligi Turkiyadan qochqinlar oqimi kuchaygani sababli Yevrohamjamiyat chegaralarini himoya qilish bo‘yicha tayyorgarlikni yuqori darajaga ko‘tardi.

Gretsiyada nimalar bo‘lmoqda?

Grek politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, chegaraning Turkiya tomonida to‘plangan odamlar grek chegarachilariga va huquq-tartibot organlari xodimlariga toshlar va metall buyumlar uloqtirishmoqda.

Taxminan 300 nafar qochqin 7ta qayiq orqali Lesbos oroliga, 150 nafari 4ta qayiqda Samos oroliga, yana 70-80 kishi ikkita qayiqda Xios oroliga yetib kelgan.

AFP
AFP

Gretsiyaning Kastanis shahri yaqinidagi hududdan o‘tgan daryoda ham suvni kechib o‘tayotgan odamlar guruhini ko‘rishgan.

Qochqinlarning bir qismi Evros viloyati chetida to‘sib qo‘yilgan.

Chegara chizig‘i bo‘ylab harakatlanayotgan qochqinlar / AFP

«Ular [Turkiya hukumati] ularni nafaqat o‘tkazib yubormoqda, balki ularga buyoqqa o‘tib kelishlari uchun yordam ko‘rsatishmoqda», - degan televideniye orqali chiqishida mamlakat Mudofaa vaziri o‘rinbosari Alkiviadis Stefanis.

Yevropa Ittifoqi Afina va Sofiyaga chegarani qo‘riqlashda yordam va'da qilgan. 5 mart kuni Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida YeI davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top